21-sentabr kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida joriy kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda gidroenergetika obyektlarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda jamiyat ijro apparati va energiya ishlab chiqaruvchi korxonalar mas’ul rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda jamiyat tizimidagi energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda joriy yilda jamiyat tizimidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan respublika energiya balansiga muvofiq belgilangan reja ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilishi ta’minlanayotgani, shu bilan birga, erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, endilikda asosiy kuch va e’tiborni joriy yil kuz-qish mavsumida uzluksiz elektr energiya yetkazib berishga qaratish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Joriy kuz-qish mavsumida mavjud gidroenergetik salohiyatdan kelib chiqqan holda, barcha resurslarni jalb qilish, ayniqsa, mikro GESlar quvvatlaridan maksimal darajada foydalanish talab etiladi. Sababi, ular suv kam bo‘lgan davrda ham barqaror energiya ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.
Yig‘ilishda jamiyat tasarrufidagi tizim korxonalarida 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumi uchun amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari holati birma-bir ko‘rib chiqilib, mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Bu borada 2024-yil 14-avgustda “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GES va suv omborlarini 2024−2025-yillar kuz-qish mavsumi davrida barqaror ishlashga tayyorlash to‘g‘risidagi 89-son jamiyat buyrug‘i qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq, jamiyat tizim korxonalari doirasida 198 ta tadbirni amalga oshirish belgilangan hamda zaruriy miqdorda moliyaviy mablag‘ ajratilgan.
Buning uchun tizimdagi GES va kaskadlar tomonidan asosiy va yordamchi uskunalar, barcha turdagi elektr va gidromexanik jihozlar:
- gidroagregatlar;
- kuch transformatorlari;
- yuqori kuchlanishli o‘chirgichlar;
- rele-himoya va avtomatika;
- past va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlar;
- aloqa;
- texnik suv ta’minoti;
- yong‘inga qarshi tizimlarning ishonchli ishlashini ta’minlash;
- gidrotexnik inshootlar;
- gidromexanik qurilmalar;
- yuk ko‘tarish mexanizmlari;
- avtotransport vositalari;
- avariya zaxira materiallarini yaratish;
- ishlab chiqarish va ma’muriy binolar, ularning isitish tizimlarini mavsumga tayyorlash;
- ijtimoiy masalalar yuzasidan xodimlar uchun kuz-qish mavsumida qulay mehnat sharoitini yaratish, ularni maxsus kiyim boshlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash singari muhim amaliy vazifalarni bajarish lozim.
Yig‘ilishda yuqorida belgilangan vazifalarni o‘z muddatlarida bajarilishi, chora-tadbirlar ijrosidagi sustkashlik va lozim darajada bajarilmasligi holatlari keskin tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.
O‘z vazifasiga mas’luyatsizlik va sustkashlik bilan qaragan rahbarlar faoliyati jiddiy tanqid qilindi. Xususan, “O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi” UK (Alisher Alimov) tomonidan xarid qilingan bir komplekt 220 kVt. li elegaz o‘chirgichning montaj ishlari to‘liq yakunlanmagan, GES-27 quyi bef maydoni va transformatorlar yacheykalarida gidroizolyatsiya ishlarini amalga oshirish, 6-GES binosining fasadi va xonalarini ta’mirlash ishlari shu kunga qadar boshlanmagan, 2 dona yuqori bosimli kompressor, 4 dona yuqori bosimli zadvijka xarid qilish ishlari kechiktirilgan.
“Chirchiq GESlar kaskadi” UKda (A. Shodmonov) GES-7 va GES-8 larning tom qismini ta’mirlash ishlari hamda GES-7 dagi kuch transformatori maydonining beton qoplamasini yangilash bo‘yicha ishlar boshlanmagan. Shuningdek, maxsus texnika xaridi va 2 dona yuqori bosimli zadvijka, 6 dona moy nasos xaridi kechiktirilmoqda.
“Tuyamo‘yin GES” UK (A. Durdiyev) binosi ichida xodimlar uchun qulay mehnat sharoitini yaratish, ta’mirlash-tiklash ishlari yakuniga yetkazilmagan. Chiqindilarni ushlab qoluvchi 1 dona temir panjara may oyida tayyor bo‘lgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘rnatilgan tartibda chegaradan o‘tkazish ishlari boshlanmagan.
GESdagi 3- va 4-gidrogeneratorlarni tiristorli qo‘zg‘atish tizimi va elektrogidravlik boshqaruv tizimiga o‘z vaqtida sozlash ishlari amalga oshirilmagani bois tez-tez nosozliklar kuzatilmoqda.
“Samarqand GESlar kaskadi” UK (Baxtiyor Pirmuxamedov) Xishrav GES-2B 2- va 3-son, Shaudar-1 da 1-son gidroagregatning avariyaviy o‘chishi bo‘yicha bugungi kunga qadar tiklash ishlari bajarilmagan. Qurilishi yakunlangan GES-10, GES-8 va Pastdarg‘om mikro GESlarini bugungi kunga qadar tarmoqqa ulash ishlari kechiktirilgan.
“O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi” UK direktori Alisher Alimov, “Samarqand GESlar kaskadi” UK direktori Baxtiyor Pirmuxamedov, Andijon suv ombori rahbari Furqat Mirzayevga rejaviy muhim topshiriqlar ijrosi doirasidagi sustkashlik uchun qattiq ogohlantirish berildi.
Barcha tizim korxonalari va suv omborlari rahbarlariga joriy yilning 15-oktabr sanasiga qadar rejada belgilangan barcha zaruriy chora-tadbirlarni yakunlash topshirig‘i berildi.
Tizim korxonalarida mavsumga tayyorgarlik doirasida nafaqat gidroagregatlarni ta’mirlash ishlari, balki butun tizimni doimiy shay holatga keltirish talab etiladi. Dastlabki meteorologik prognozlarga ko‘ra, joriy qish mavsumi erta hamda har yilgidan ko‘ra sovuq kelishini inobatga olib, korxonalarda tayyorgarlik ishlarini jiddiy mas’uliyat bilan yondoshgan holda, amalga oshirish lozimligi qayd etildi.
Suv omborlarini 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash chora-tadbirlari rejasiga muvofiq, suv omborlarida jami 52 ta tadbirni (Andijon suv omborida 12 ta, Ohangaron suv omborida 8ta, Sardoba suv omborida 7 ta, Hisorak suv omborida 8 ta va To‘polang suv omborida 17 ta) amalga oshirilishi belgilangan.
Suv omborlarida, eng avvalo, suv kirish va chiqish inshootlaridagi gidromexanik qurilmalar, zadvijkalar, baypas quvurlar, nazorat-o‘lchash qurilmalari, drenaj nasos stansiyalarni mavsumga shay holatga keltirish, zarur material va jihozlar, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari xaridlarini o‘z vaqtida amalga oshirish talab etiladi.
Andijon, Ohangaron va Hisorak suv omborlaridagi 14 ta obyektda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z muddatlarida yakunlanishi bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.
Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan energiya xavfsizligini ta’minlash vazifalari bugungi kunda o‘ta muhim va dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlanib, barcha mas’ullarga belgilangan ishlar ijrosini jadallashtirish hamda, eng asosiysi, sifatli yakunlash talabi qo‘yildi.
Bu borada jamiyat oldida turgan maqsadlarga faqat mustahkam iroda, temir intizom, shaxsiy mas’uliyat va o‘z ishiga bo‘lgan fidoyilik bilan vijdonan mehnat qilish orqali erishish mumkin.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli mas’ul rahbarlarning hisobotlari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha zaruriy topshiriqlar berildi.
Reklama huquqlari asosida.