Shaxmat bo‘yicha 14-jahon chempioni, Budapeshtdagi shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi bo‘lgan rossiyalik grossmeyster Vladimir Kramnik ChessBase India nashriga bergan intervyusida turnirdagi yakuniy natijadan mamnun ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston shaxmatchilari Olimpiadada reyting bo‘yicha AQSh (o‘rtacha reyting — 2757), Hindiston (2753) va Xitoydan (2724) keyin to‘rtinchi (2690) bo‘lgan, biroq “yaxshi kurashgan, deyarli ikkinchi o‘rinni egallagan”.

“Ba'zi o‘yinlar boshqacha yakunlanishi mumkin edi,shunda ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lardik. Lekin, to‘g‘risini aytsam, uchinchi o‘rin ham — yosh jamoa uchun muvaffaqiyat. Hozircha Hindiston bilan o‘zimizni taqqoslay olmaymiz, lekin yigitlar yaxshi kurashdi. Yosh shaxmatchilarga xos bo‘lgan keraksiz xatolar bo‘ldi, ammo bu baribir yaxshi tajriba bo‘ldi”, — dedi u.

Vladimir Kramnik bir yil avval O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan hamkorlikni boshlaganini va shaxmatchilar bilan bir necha onlayn va oflayn sessiyalar o‘tkazganini aytdi.

“Biz qiyin o‘yinlarni o‘tkazdik, kuchli jamoalarga qarshi o‘ynadik. Ba’zida uchta shaxmatchi bilan mashg‘ulot o‘tkazishga to‘g‘ri keldi — ertalab, kechqurun va tunda. Oxirgi uch kechada men 3−4 soat uxladim. O‘ylaymanki, bugun tunda yaxshi uxlay olaman”, — dedi u.

Sobiq jahon chempioni jahon reytingining kuchli 10 taligidan joy olgan Nodirbek Abdusattorov va boshqa yosh shaxmatchilarning saviyasiga ham baho berdi.

“Nodirbekning (yosh avlodning boshqa vakillari Dommaraju Gukesh, Arjun Erigaysi, Rameshbabu Pragnanandha bilan — tahr.) umumiy jihati shundaki, ular top shaxmatchilar va juda-juda uzoq vaqt davomida eng yuqori darajada qoladi. Ular rostdan ham shu yerda bo‘lishi kerak. Nodirbek bilan muhokama, tahlil qilganimizda, u bilan bir tilda gaplashamiz! Albatta, men ortiq top shaxmatchi emasman, lekin tushuncham hali ham yaxshi bo‘lishi mumkin!”, — dedi u.

Rossiyalik grossmeysterning fikricha, yaqin yillarda dunyoning eng yaxshi 10 nafar shaxmatchisi ro‘yxati nafaqat reytingda, balki kuch jihatidan ham o‘zgaradi va ular keyingi 10−20 yil davomida ham shu darajada qoladi.

“Men Nodirbekka qoyil qoldim, albatta, sizning hindistonlik yigitlaringiz kabi emas. U juda, juda yaxshi. Nodirbek allaqachon top o‘yinchi”, — ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston shaxmat olimpiadasida 189 davlat orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Shaxmatchi Shamsiddin Vohidov oltin, Nodirbek Abdusattorov kumush medal bilan taqdirlandi. Ayollar terma jamoasi 169 mamlakat ichida 12-o‘rinni egalladi, Nodira Nodirjonova esa o‘z reytingida ikkinchi eng yaxshi natijani qayd etdi.