Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki yig‘ilishidagi nutqida kelgusi 3 yilda bank bilan yana 4 mlrd dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi.

Davlat rahbari O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining hissasini yuqori baholashini qayd etdi. Bugungi kunda mamlakatda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida Bank bilan 3 mlrd dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

“Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bularning hisobidan O‘zbekiston bankning top-10 ta hamkoridan biriga aylandi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident, shuningdek, mamlakatda bank bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarga misollar keltirdi.

“Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha 720 mln dollarlik loyiha qariyb 1,5 mln aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlaydi. Yoki „Buxoro — Xiva“ temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish natijasida Xiva shahriga yiliga qo‘shimcha 1 mln turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi. Ta’kidlash kerakki, shu kunlarda Bank bilan kelgusi uch yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik”, — dedi Prezident.

Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan va keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab kelayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyunga, Bankka a’zo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga chuqur minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, anjumanda ishtirok etayotgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki hamda yirik kompaniya va investorlarga o‘zining alohida hurmat izhor qildi.

“Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi mas’uliyatli vazifalar turibdi. Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka a’zo mamlakatlarda yashaydigan 6 mlrddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi. Ushbu ulkan vazifalarni amalga oshirishda sizlar o‘zingizning chuqur bilim, boy tajriba va kuch-g‘ayratingizni ayamaysizlar, deb ishonaman”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida.