23-sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda sinov muddatida bo‘lgan o‘qituvchi dars vaqtida o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Videoda o‘qituvchi qo‘lida daftar tutgan o‘quvchi bilan nizoli suhbatdan so‘ng uni urib, doska tomonga itarib yuborgani ko‘rinadi. Ustozning bolani kaltaklashi bundan so‘ng ham davom etgan va yakunda o‘quvchini joyiga o‘tirishga undagan.

Vaziyatni ta’lim boshqarmasi o‘rganib chiqqanda, voqea ikkinchi smenada o‘qiydigan 6-“V” sinfida rus tili fani darsida bo‘lganini aniqladi.

Videotasvirdagi rus tili fani o‘qituvchisi sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, rasman u 188-maktabga ishga qabul qilingani bo‘yicha hali buyruq chiqmagan va yuqoridagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchi ustoziga gap qaytargan va tortishib qolgan. So‘ngra o‘qituvchi o‘quvchining qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan partasidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. O‘quvchiga tan jarohati yetkazilmagan, salomatligi joyida, deyiladi xabarda.

Bundan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi o‘qituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.