Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki yig‘ilishidagi nutqida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq kutilmalar mamlakatni jiddiy xavotirga solayotganini ta’kidladi.
“Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambag‘allik, ekologiya muammolari tobora o‘tkir tus olib bormoqda. Masalan, o‘rtacha global harorat 2040-yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030-yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti”, — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelayotgani, iqlim o‘zgarishi sur’atlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylanganini qayd etib o‘tdi.
“Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi o‘ta og‘ir kambag‘allik sharoitida yashayapti. Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois an’anaviy logistika yo‘nalishlari mutlaqo o‘zgaryapti. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va iste’mol tovarlarining qimmatlashishiga sabab bo‘lyapti”, — dedi prezident.
Davlat rahbari bularning barchasi mavjud infratuzilmaga bo‘lgan yuklamani keskin oshirishi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta to‘siq bo‘lishini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev ekspertlar fikriga ko‘ra 2030-yilgacha dunyoda yangi infratuzilma uchun 15 trillion dollar investitsiya talab qilinishi, shuningdek, xorijiy investitsiyalar oqimi so‘nggi ikki yildan buyon 10 foizdan kamayayotgani, dunyoda moliyaviy resurslar qariyb 2 barobar qimmatlashganiga e’tibor qaratdi.
Bu muammolar barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qiyinlashtirayotganini aytdi.
“Bunday sharoitda global xavf-xatarlar oqibatlarini yumshatish, barqaror o‘sish, aholi turmush sharoitini yaxshilashda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib bormoqda. Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa davr ichida 55 milliard dollarlik loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida e’tirof etish lozim” — dedi prezident.