“Gazeta.uz” O‘zbekiston Ekologik partiyasining 2025−2029-yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturini taqdim etadi. Partiya “Tabiat uchun birlashaylik” shiorini ilgari surmoqda.

“Partiyamizning bosh maqsadi — mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash davlat, jamiyat va mamlakatimiz har bir fuqarosining vazifasi bo‘lishiga erishish”, — deyiladi partiya xabarida.

I. Aholining qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqlarini ro‘yobga chiqarish.

  • tuman (shahar)larning bosh rejasi tasdiqlanmagunga qadar qurilish ishlarini to‘xtatib turish;
  • mamlakatning yo‘l infratuzilmasi uchun ajratiladigan summaning muayyan qismini majburiy ravishda piyodalar yo‘lakchalarini tashkil etishga yo‘naltirish;
  • shaharlararo velosiped harakati uchun infratuzilma yaratish, avtomobil yo‘li qatnov qismi hisobidan skuterlar
    va velosipedlarda harakatlanish uchun alohida yo‘laklar tashkil etish;
  • 2030-yilga qadar yirik shaharlarda yo‘lovchilarning velosipedda harakatlanishi ulushini 20 foizga yetkazish;
  • Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida jamoat transportidan doimiy foydalanuvchi shaxslar uchun yo‘l haqini arzonlashtirib borish tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish;
  • oqova suvlarni tozalash inshootlari samaradorligi past bo‘lgan hududlarda oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish;
  • aholi yashash punktlarida badbo‘y hid chiqarayotgan, lokal oqova suv tozalash inshootlari bo‘lmagan korxonalar faoliyatini ekologik talablarga javob beradigan texnologiyalar joriy etilmaguncha to‘xtatish tartibini kiritish;
  • chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida aholi tomonidan foydalaniladigan maishiy texnika vositalarining kafolat muddatini uzaytirish bo‘yicha talablarni kuchaytirish;
  • respublika va mahalliy ijro organlari, yirik korxona va tashkilotlar binolari hududida “kichik yashil bog‘lar” va “mahalliy yashil bog‘lar”ni tashkil qilish;
  • barcha viloyat va tumanlarda yashil maydon hamda daraxtzorlarning “yashil kadastri”ni ishlab chiqish;
  • shaharlarda bino va ko‘p kvartirali uylar qurilishini majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish mexanizmlarini qonunda aniq belgilash;
  • ekologik “Toza shahar” va “Aholi yashash punkti”ni yaratish bo‘yicha davlat dasturini qabul qilish;
  • gidrometeorologik, atmosfera havosining sifati va iqlim o‘zgarishiga oid ishonchli axborotlar bilan keng jamoatchilikni muntazam ta’minlashni yo‘lga qo‘yish;
  • tog‘ yonbag‘irlarida, daryo va ko‘llar sohillarida har qanday qurilish tabiatga bezarar bo‘lishiga erishish uchun qat’iy davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
  • qum va tuz bo‘ronlari ko‘tarilishi xavfi yuqori bo‘lgan hududlar xaritalarini ishlab chiqish va bunday hududlarda davlat dasturlari asosida ihotazorlar, yashil qoplamalar barpo etilishiga erishish;
  • tabiiy dori vositalaridan foydalanishni 40 foizga yetkazish, mahalliy dorivor mahsulotlar xomashyosini ishlab chiqaruvchilarni qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish.
  • “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi” va uni amalga oshirish bo‘yicha dastur qabul qilish;
  • telekanallarda atrof-muhitni asrash va ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha doimiy targ‘ibotni kuchaytirish;
  • oilalarda “yashil” iste’mol madaniyatini hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sog‘lom ovqatlanish hamda reproduktiv salomatlik qoidalarini ommalashtirish;
  • bog‘cha va maktablar o‘quv dasturlariga ekologiya fanini alohida fan (mashg‘ulot) sifatida kiritish;
  • tegishli oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida ekologiya huquqi, ekologik jurnalistika, tashqi ekologik faoliyat ixtisosliklarini tashkil etish;
  • jahonning yetakchi “yashil” universitetlarida qo‘llanadigan ilg‘or ta’lim dasturlari, innovatsion pedagogik uslublar va texnologiyalarni o‘zlashtirgan holda tegishliligi bo‘yicha ta’lim dasturlariga moslashtirish va joriy etish;
  • ekologik vaziyat keskinlashayotgan hududlarda xotin-qizlar reproduktiv salomatligini ta’minlash maqsadida har 3 yilda ular uchun chuqur tibbiy ko‘riklarni tashkil etish;
  • tamaki mahsulotlariga qo‘shimcha ekologik soliq joriy etish.

II. Ekologik xavfsizlikni ta’minlash va barqaror ekologik rivojlanishga asoslangan iqtisodiyotni barpo etish.

  • 2030-yilga qadar issiqxona gazlari emissiyasini 65 foizga qisqartirish;
  • ekologik monitoringni yuritishda, atrof-muhitga yetkazilgan zararni aniqlash va baholashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
  • 2035-yilgacha avtomobilsozlik sanoatini to‘liq elektromobil ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish;
  • 2050-yilga qadar uglerod neytralligi va nol emissiyaga erishish;
  • jamoat transportini elektrobuslar hisobidan rivojlantirish, elektrobuslarni zaryadlash stansiyalarini qurish uchun tadbirkorlarga yer maydonlarini ajratish;
  • an’anaviy yo‘lovchi tashish poyezdlarini zamonaviy tezyurar poyezdlarga almashtirish va tashish uchun yo‘l haqi narxlarini maqbullashtirish;
  • temiryo‘llarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, yuk tashishni yirik yuk mashinalaridan temiryo‘llarga va atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan boshqa transport turlariga o‘zgartirish;
  • atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasiga kiradigan (yuqori darajada xavfli) faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga ekologiya solig‘ini joriy qilish;
  • ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)dan ozod etish;
  • investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida “Yashil viza” (Green Visa) dasturini joriy etish;
  • tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish;
  • shahar hududlarida tez-tez uchrab turadigan suv toshqinlarining oldini olish maqsadida drenaj tizimi muammolarini hal etish;
  • ekologiya va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha kelajak hamda zamonaviy kasblar uchun kadrlar qayta tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash va sarmoya ajratish;
  • iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan iqlimiy moliyalashtirish (climate finance) tizimini joriy etish;
  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish zanjirida aylanma iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish orqali tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish hamda maishiy chiqindilar, atrof-muhit ifloslanishi va zararli gaz tashlamalarini kamaytirish;
  • “yashil” innovatsiyalarni joriy etishda xususiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikni va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish;
  • tijorat banklari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslar uchun “yashil” depozit xizmatlari ko‘rsatish tizimini joriy etish va bunday mijozlar uchun alohida imtiyozli bank tariflarini yo‘lga qo‘yish;
  • yashil va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun investitsiya fondini tashkil qilish;
  • yirik sanoat korxonalarini texnologik modernizatsiyalash va ularda “yashil” texnologiyalar joriy etilishini jadallashtirish, sanoatning “yashil” va kam uglerodli rivojlanishini ta’minlash;
  • yashil yonilg‘iga o‘tishga sarmoya kiritish uchun uglerod solig‘ini joriy qilish;
  • seysmik holatlarni hisobga olib, ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini qurish talablarini kuchaytirish;
  • tabiiy-texnogen vaziyatlar yuzaga kelishi xavfini prognozlashtirish, ishonchli axborot yetkazish hamda tabiiy texnogen vaziyatlar yuz berganda aholining tezkor himoyalanish tizimini yo‘lga qo‘yish.

III. Energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish.

  • atrof-muhitga zarar yetkazish hisobiga olingan energiya ulushini kamida 25 foizga qisqartirish;
  • sanoatda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali energiya sarfini 50 foizga qisqartirish, 2030-yilgacha energiya balansida ekologik toza va qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini kamida ikki karra oshirish;
  • qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan Yashil energetika strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish;
  • muddati o‘tab bo‘lingan quyosh panellari (jihozlari) va yarim o‘tkazgichli (LED) yoritgichlarni zararsizlantirish tizimini tashkil etish;
  • yirik shaharlar atrofidagi chiqindi poligonlari bazasida xalqaro standartlarga mos elektr stansiyalar qurish, bioko‘mirlar ishlab chiqarish va chiqindilarning energiya potensialidan unumli foydalanish;
  • davlat muassasalari obyektlari, ko‘p kvartirali uylar va maydoni 1000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan obyektlar uchun energiya tejovchi texnologiyalar o‘rnatishni majburiy etib belgilash;
  • elektr ta’minoti uzilishlariga chek qo‘yish va aholini arzon energiya bilan ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish;
  • mamlakatga vodorod va biogaz kabi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish texnologiyalari olib kirishda bojxona imtiyozlarini joriy etish;
  • qayta tiklanadigan energiya hisobiga olinadigan vodorod energetikasidan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash;
  • qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligiga investitsiyalarni rag‘batlantirish orqali qazib olinadigan yonilg‘idan foydalanishni keskin qisqartirish;
  • qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish evaziga qazib olinadigan yoqilg‘i resurslarini kelgusi avlod uchun zaxira sifatida saqlashga erishish;
  • energiya tejovchi arzon uy-joylarni qurish bo‘yicha loyihalarni rag‘batlantirish;
  • aholi xonadonlarida kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish hamda qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilgan va ulardan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan barcha turdagi iste’molchilar uchun mazkur qurilmalar xarid qiymatining 50 foizini davlat tomonidan subsidiyalash tizimini joriy etish;
  • yirik sanoat korxonalarida mikroenergetika ishlab chiqarish manbalarini joriy etish;
  • 2050-yilgacha 60−80 foiz uylarning isitish tizimini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplashni tashkil etish bo‘yicha dastur qabul qilish.

IV. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish samaradorligini oshirish.

  • investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda ularning atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish;
  • transport vositalarini yuvish shoxobchalarida suvdan takroran foydalanish tizimini joriy etish;
  • inson salomatligiga kuchli ta’sir qilish xususiyatiga ega bo‘lgan sanoat mahsulotlarini utilizatsiya qilish tizimini tashkil etish;
  • atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini 2 barobarga kamaytirish, me’yordan ortiq ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgani uchun kompensatsiya to‘lovlarini 10 barobargacha oshirish;
  • O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklardan foydalanishga va yovvoyi hayvonlarni ov qilishga muddatsiz moratoriy e’lon qilish;
  • 10 yoshdan katta daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishni taqiqlash;
  • qurilish maqsadlarida daraxtlarni noqonuniy kesgan tadbirkorlarning yerga bo‘lgan huquqini bekor qilish tartibini joriy qilish;
  • fuqarolarni ekologik huquqbuzarliklar haqida xabarlar berganlik uchun rag‘batlantirish tizimini yanada kengaytirish;
  • ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqish va ularning miqdorini oshirish;
  • aholi punktlarida qayta ishlanadigan chiqindilarni avtomatlashtirilgan tarzda qabul qilish qurilmalarini o‘rnatish;
  • maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va sanoat korxonalarida oqova suvlardan oqilona foydalanish bo‘yicha belgilangan talablarni kuchaytirish;
  • faoliyati davomida ekologiyaga ko‘p miqdorda zarar yetkazadigan tashkilotlarning soliqlarini oshirish evaziga issiqxona gazlarini kamaytirishga sarmoyalar kiritishni qo‘llab-quvvatlash;
  • barcha turdagi qurilish materiallari va maishiy texnika jihozlarini energiya tejamkorligi jihatidan baholash
    va sertifikatsiyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • ekologik sug‘urtalash tizimini rivojlantirish, ekologik ekspertiza, ekologik baholash va ekologik audit institutlarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish;
  • o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va bunday huquqbuzarlik uchun 10 baravar miqdorda zararni undirish tartibini yo‘lga qo‘yish;
  • yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun belgilangan to‘lov miqdorini 10 baravarga oshirish;
  • atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar reyestri (davlat hisobi)ni yuritish va monitoringini olib borish;
  • ekologik huquqbuzarliklar sodir etgan jismoniy va yuridik shaxslarning Yagona reyestrini yuritish, xuddi shu holatlar takror sodir etilganda ularga nisbatan turli sanksiyalar belgilash amaliyotini joriy etish;
  • daraxtzorlar mavjud bo‘lgan yer maydonlari qurilish maqsadlarida realizatsiya qilinishini qonun bilan taqiqlash;
  • foydalanish muddati o‘tgan avtoshina va boshqa barcha turdagi rezina mahsulotlarini qabul qilish punktlarini tashkil etish hamda qayta ishlash uchun yetkazib berish tizimini joriy etish;
  • qayta ishlab bo‘lmaydigan, foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan plastik va kuydirilgan shisha kabi mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga tabiatga yetkazilayotgan zarar miqdoridan kelib chiqib tabaqalashtirilgan soliqlar joriy qilish;
  • biologik xilma-xillikka zarar yetkazishga, atmosfera havosining ifloslanishiga sabab bo‘ladigan imtiyozlarni bekor qilish;
  • 2030-yildan poytaxt va yirik shaharlarda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillar harakatlanishini, 2035-yildan esa mamlakatda ularning sotilishini taqiqlash;
  • mamlakatda polietilen, poliamid tarkibli qadoqlash mahsulotlari, bir martalik ishlatiladigan plastik idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish;
  • barcha turdagi do‘konlarda plastik, bir martalik qoplar hamda shishalarni qabul qilish punktlarini joriy etish;
  • turli xil tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishni moliyalashtiruvchi maxsus jamg‘arma tashkil qilish.

V. Yer-suv resurslaridan foydalanish sohasidagi islohotlarni jadallashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.

  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchilarni iqlim o‘zgarishi oqibatlari ta’siridan himoya qilish hamda fors-major holatlarda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish;
  • qishloq xo‘jaligida sug‘oriladigan maydonlardan yanada samarali foydalanish, foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta foydalanishga kiritish choralarini ko‘rish;
  • qishloq xo‘jaligi sohasida sug‘urta bozorini takomillashtirish va sug‘urta xizmatlari sifatini oshirish, ushbu sohada jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish;
  • qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida innovatsiyalarni rag‘batlantirish;
  • yangi suv havzalarini barpo etish va suvni barqaror boshqarish uchun irrigatsiya tizimlarini rivojlantirish;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ekologik talablarga to‘liq moslashtirish;
  • sintetik go‘sht kabi oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish va sotishga qarshi kurashish;
  • oziq-ovqat mahsuloti tarkibi, qayerda va qanday usulda ishlab chiqarilgan, jumladan genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO) mahsulotlarining miqdori bo‘yicha ma’lumotlarning mahsulot yorliqlarida aniq ko‘rsatilishini ta’minlash, tarkibida GMO bo‘lmagan mahsulotni ommalashtirish;
  • organik mahsulot ishlab chiqaruvchi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash;
  • noqulay iqlim sharoitlariga, jumladan, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik tur va navlari ekilishi hamda ko‘paytirilishi uchun davlat subsidiyalarini joriy etish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun yerlarni ekishga tayyorlashda resurs va energiya tejamkor, ekologiyaga bezarar bo‘lgan No-TiLL (yerga minimal ishlov berish) kabi innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;
  • turli xavfli karantin kasalliklari va zararkunandalar tarqalishining oldini olish, chetdan keltirilayotgan, introduksiya qilinayotgan o‘simlik navlari hamda hayvon zotlarini chuqur o‘rganish asosida joriy etish, invaziv begona turlarning kirib kelishining oldini olish, nazorat qilish yoki yo‘q qilish choralarini ko‘rish;
  • yomg‘ir suvidan samarali foydalanish dasturini ishlab chiqish, 2025-yildan qurilish maydoni 500 m² dan ortiq bo‘lgan uy, bino va obyektlarda yomg‘ir suvini yig‘ish tartibini joriy etish;
  • yomg‘ir suvidan foydalanishni keng yo‘lga qo‘yish uchun davlat tomonidan rag‘batlantirish (grant, subsidiya) mexanizmlari va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish;
  • hududlarda yomg‘ir suvidan foydalangan holda kichik yashil maydonlar va bog‘lar barpo etish ishlarini tashkil etish;
  • muzliklar, qor-yomg‘ir va sel suvini yig‘ish imkoniyati mavjud hududlarda sel-suv havzalarini tashkil etishni takomillashtirish;
  • turar joylar va o‘z xo‘jaliklarida yomg‘ir suvini yig‘ish hamda undan foydalanish qurilmalari bilan jihozlangan hamda ulardan foydalanib kelayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
  • qishloq xo‘jaligi, sanoat va maishiy sohada foydalanilgan oqova va chiqindi suvlarini tozalab qayta foydalanishga kiritish (re-use) choralarini ko‘rish;
  • gidrogeologik tadqiqotlar asosida yer osti suvlaridan samarali foydalangan holda lalmikor dehqonchilikni rivojlantirish;
  • yangi qurilayotgan ko‘p qavatli turar joylarda ichimlik va xo‘jalik maqsadlarida foydalaniladigan suvlarni alohida-alohida quvurlarda yetkazib berilishini tashkil etish;
  • tog‘li va tog‘oldi hududlarda tabiiy muhitni saqlab qolish choralarini kuchaytirish orqali qishloq va o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish;
  • ekin maydoniga aylantirish imkoniyati bo‘lmagan cho‘l hududlardagi samarasiz yerlarning o‘zlashtirilishini taqiqlash;
  • dehqonchilikda ko‘p dalali almashlab ekish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish orqali oziq-ovqat mahsulotlarining hajmini oshirish;
  • suv ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etishni takomillashtirish va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar minimal suv iste’molidan kelib chiqib, suv sarfi miqdorini belgilash;
  • yerosti suvlari sathining pasayishi va sug‘orish texnologiyalarining keng joriy etilishi munosabati bilan sug‘oriladigan yerlarning gidrogeologik baholash tizimini ilmiy asosda qayta ishlab chiqish;
  • fitosanitariya talablariga javob bermaydigan, inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradigan mahsulotlar importini cheklash;
  • 2030-yilga qadar pestitsidlardan foydalanish hajmini 50 foizga kamaytirish hamda qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashishning biologik usullaridan foydalanish tizimini keng joriy etish.

VI. Davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish hamda qonunchilikni takomillashtirish.

  • malakali yuridik yordam va xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, ekolog-huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • yoshlar, xotin-qizlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish;
  • xotin-qizlar siyosiy faolligini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy va ijtimoiy loyihalar sonini ko‘paytirish hamda faol siyosatchi, jamoatchi, tadbirkor va ishbilarmon xotin-qizlarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash;
  • iqtidorli yoshlar va xotin-qizlarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish tizimini takomillashtirish hamda munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish;
  • ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarni va jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sudlar tashkil etish;
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish, ma’muriy jazo choralarini qo‘llashda sudlarga kengroq vakolat berish;
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish, yo‘l harakati xavfsizligini tartibga solishni qonunosti hujjatlaridan qonun asosida tartibga solishga o‘tkazish;
  • 2009-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilgan shaxslarga 2030-yildan boshlab tamaki mahsulotlari sotilishini taqiqlash;
  • inson salomatligi, ayniqsa, bolalar sog‘lig‘iga energetik ichimliklarning salbiy ta’sirini inobatga olib, 21 yoshdan kichik shaxslarga energetik ichimliklar sotishni taqiqlash.

Partiya quyidagi qonunlarni va strategik hujjatlarni qabul qilishni lozim deb hisoblaydi:

  • ekologik qonunchilikni kodifikatsiyalash orqali Ekologiya va O‘rmon kodekslarini;
  • atrof-muhit monitoringi tizimini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish, prognozlashtirish orqali atrof-muhitga salbiy ta’sir yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek, tabiiy resurslardan foydalanishni tizimli ravishda kuzatish, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida davlat nazorati yuritilishini baholash, axborot bilan ta’minlash maqsadida “Atrof-muhit monitoringi to‘g‘risida”gi qonunni;
  • aholining ekologik axborotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash maqsadida “Ekologik axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunni;
  • atrof-muhitni tiklash, unga bo‘ladigan zararli ta’sir oqibatlarini bartaraf etish va tabiiy resurslarni takror ishlab chiqarishning huquqiy asoslarini belgilovchi “Tabiatni tiklash to‘g‘risida”gi qonunni;
  • kimyo sanoati jadal rivojlanayotganini e’tiborga olib, aholini kimyoviy zaharlanishdan saqlash, sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan “Kimyoviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunni;
  • chiqindilarni boshqarish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hamda tamoyillarini va sohada davlat-xususiy sheriklik mexanizmini hamda davlat boshqaruvi organlari vakolat va funksiyalarini aniq belgilovchi yangi tahrirdagi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunni;
  • atmosfera havosini muhofaza qilish, ozon qatlamining yemirilishi, issiqxona gazlari normadan ortiq chiqarilishining oldini olish va bu borada tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni aniq belgilash maqsadida zamonaviy xalqaro standartlar asosida yangi tahrirdagi “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunni;
  • dunyoda genetik muhandislik texnologiyalar rivojlanib borayotganini inobatga olib, mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda aholi sog‘ligini saqlash maqsadida yangi tahrirdagi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunni;
  • davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydigan Barqaror ekologik rivojlanish strategiyasini;
  • qishloq xo‘jaligi, sanoat va iqtisodiyot tarmoqlarida suvdan samarali foydalanishga qaratilgan Milliy dasturni.

VII. Global iqlim o‘zgarishiga moslashish va Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish.

  • respublikaning qurg‘oqchil hududlarida istiqomat qilayotgan aholi orasida ekologik muammolar tufayli yuzaga kelayotgan kasalliklarni aniqlash, doimiy monitoring qilib borish va ularning oldini olish choralarini ko‘rish;
  • mamlakatning iqlim “yuki” monitoringini va iqlim hisobini yuritib borish mexanizmlarini joriy etish;
  • iqlim o‘zgarishiga chidamli yangi nav va zotlar yaratishni rag‘batlantirish, ushbu yo‘nalishda olib boriladigan tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha ishlab chiqarish subyektlari uchun karbon gaz tashlanmalari chegara miqdorini belgilash;
  • iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekotizimlardagi yo‘qotishlar va zararlarni qoplash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etish;
  • Orolbo‘yi hududida xalqaro moliya institutlarini bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishini yumshatish, cho‘llanishning oldini olishga qaratilgan loyiha va dasturlarga keng jalb etish;
  • Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan Qizilqum cho‘li hududida sahroga mos o‘simliklar ekish orqali qum-bo‘ronlar ko‘tarilishining oldini olish va yaylovlar degradatsiyasini to‘xtatish;
  • Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasining Sudoche ko‘llar tizimidagi Sudoche ko‘lida va boshqa kichik ko‘llarda suv sathi pasayishining oldini olish choralarini ko‘rish;
  • Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida ekotizimni tiklash hamda ekoturizmni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish.

VIII. Tashqi siyosat va xalkaro hamkorlikni rivojlantirish.

  • mintaqadagi yirik nodavlat tashkilotlaridan biri sifatida Markaziy Osiyo ekologik ittifoqini tashkil etish orqali tabiiy resurslar, bioxilma-xillikni saqlab qolishga erishish;
  • ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi loyihalar, texnologiyalardan bosqichma-bosqich voz kechish;
  • hayvonot dunyosining xilma-xilligini saqlab qolish borasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • hayvonlarning migratsiya yo‘llarini himoya qilish, migratsiya marshrutlarida qo‘riqxonalar tashkil etish;
  • ichimlik suvi, toza havo, muqobil energiya va boshqa taqchilligi ortib borayotgan tabiiy resurslarni asrashga qaratilgan hamkorlikni kengaytirish;
  • amaldagi qonunchilikni mintaqa va milliy manfaatlardan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish;
  • Sanoat avariyalarining transchegaraviy ta’siri to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish;
  • Xalqaro savdoda ayrim xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarga nisbatan oldindan asoslangan kelishuv tartib-taomili to‘g‘risidagi konvensiya, Atrof-muhitga ta’sirni transchegaraviy nuqtai nazardan baholash to‘g‘risidagi konvensiya, Havoni uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish choralarini ko‘rish;
  • transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishda davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish orqali suv resurslarining adolatli taqsimlanishini ta’minlash;
  • mintaqa davlatlari o‘rtasida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan va ekologik barqarorlikka olib keluvchi ilmiy ishlanmalarni, yangi texnologiyalarni o‘zaro bepul almashishni yo‘lga qo‘yish;
  • chang bo‘ronlarini kamaytirish maqsadida qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikda cho‘l hududlarda transchegaraviy yashil zonalar va ihotazorlar barpo etish;
  • chegara hududlarida o‘rmonlarni yong‘indan, kasallik va zararkunandalardan asrashga qaratilgan tadbirlarni qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda olib borish;
  • hayvonlar va parrandalardan tarqaladigan yuqumli, invaziv kasalliklarning o‘choqlarini aniqlash, zoonozlar tarqalishining oldini olishda hamkorlik qilish;
  • mintaqada turli iqlim ta’siriga qarshi kurashish uchun davlatlar o‘rtasida birdamlik mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • qo‘shni davlatlar bilan xavfsizlik, ekologiya, fan va kadrlar tayyorlash sohalarida aloqalarini mustahkamlash orqali mintaqaviy rivojlanish kelishuvlarini ishlab chiqish;
  • Markaziy Osiyoda barqaror energetika infratuzilmasini shakllantirish maqsadida qo‘shni davlatlar bilan muvaqqat energiya zaxiralarini yaratish, favqulodda holatlarda energiya resurslarining o‘zaro almashish tizimini joriy qilish.

Biz sizning e’tiboringizga havola etayotgan har bir maqsadning naqadar dolzarb va hayotiy zarurat ekanini bugungi atrof-muhitning o‘zi aytib turibdi. Tabiatning bugungi ovozi ushbu harakatlarni amalga oshirishga da’vat etmoqda. Biz, albatta, bu ovozga quloq tutishimiz shart, — deya ta’kidlanadi Ekologik partiya dasturida.