O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mamlakatning shimoliy hududlarida murakkab vaziyat vujudga kelayotganini e’tiborga olib o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.
Elchixona fuqarolardan hozirgi paytda shaxsiy xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslikni, Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini kuzatib borishlarini tavsiya qildi.
Isroil frontorti qo‘mondonligidan bildirishnomalar va ogohlantirishlar (Home Front Command) mobil ilovasi yoki veb-sayti havolasini telefonga o‘rnatib olish so‘raldi.
“Zaruriyatsiz ko‘chaga va boshqa ko‘ngilochar muassasalarga tashrif buyurmang. Iltimos, o‘z hayotingizni ehtiyot qiling”, — deyiladi vakolatxona xabarida.
Shoshilinch yordam yoki maslahat uchun elchixona kontaktlari. Favqulodda yordam telefonlari:
- 03−672−2466;
- 03−672−2371;
- 03−758−5075;
- 03−758−5076.
Favqulodda va shoshilinch xabarlar uchun: +972 54 485 1397.
23-sentabr kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Isroil tomoni “Hizbulloh” bilan aloqadorligini da’vo qilayotgan Livandagi yuzlab nishonlarga havo hujumlari amalga oshirgandi. Mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galant Livanda “Shimol o‘qlari” deb nomlangan hujum operatsiyasini e’lon qilgan edi, bosh vazir Binyamin Netanyaxu mahalliy aholini “Hizbulloh” muassasalari yaqinidagi hududlarni tark etishga chaqirgan.