Samarqand shahrida o‘tayotgan OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida 25-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Xitoy moliya vaziri Lan Foanni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan sheriklikni mustahkamlash, ustuvor investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev, bundan tashqari, Hindiston moliya va korporativ ishlar vaziri Nirmala Sitxaraman boshchiligidagi delegatsiyani ham qabul qildi.
Unda O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash hamda oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yil noyabr oyida bo‘ladigan hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda o‘tkazish hamda uning doirasida Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.
Energetika, neft-kimyo, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalarida loyihalarni amalga oshirish, transport yo‘laklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident va Qatar moliya vaziri Ali bin Ahmad al-Quvariy boshchiligidagi delegatsiya uchrashuvida ikki tomonlama, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
“Yashil” energetika, transport, sog‘liqni saqlash, turizm, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Yil yakuniga qadar Doha shahrida hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qo‘shma biznes forumi o‘tkazilishi qayd etildi. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.