Toshkent-Samarqand va Samarqand-Navoiy-Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l quriladi. Bu haqda prezident Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki yig‘ilishidagi nutqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2030-yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan.

Xususan, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, Toshkent-Samarqand, Samarqand-Navoiy-Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyoj yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng.

Shu ma’noda, prezident bugungi anjuman “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusida o‘tkazilayotgani olqishladi.

“Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirildi. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda”, — deyiladi xabarda.