Avgust-sentabr oylarida davlat buyurtmachilari tomonidan jami 3,1 milliard so‘mlik 11 ta davlat xaridida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan, deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.

Jumladan, quyidagi davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan:

  • Narpay tumani tibbiyot birlashmasining 673 million so‘mlik;
  • Shumanay tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasining 343 million so‘mlik;
  • Kattaqo‘rgon tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 215 million so‘mlik;
  • Oltinsoy tumani hokimligining 193 million so‘mlik;
  • Qumqo‘rg‘on tumani 2-son kasb-hunar maktabining 115 million so‘mlik;
  • Buxoro Davlat pedagogika instituti huzuridagi akademik litseyning 56 million so‘mlik davlat xaridlari.

Shuningdek, “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan 1,5 milliard so‘mlik davlat xaridida o‘zaro affillangan shaxslar ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilgan.

Agentlikning taqdimnomalariga asosan xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, mazkur davlat xaridlarining qonunga xilof ravishda o‘tkazilishining oldi olindi.

O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.