23-sentabr kuni prezident “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [PQ-Z35] qarorini imzoladi.
Qarorda ta’kidlanishicha, tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi imkoniyatlaridan to‘liq hamda samarali foydalanish, tibbiy turizm klasterlari va mehmonxona tipidagi zamonaviy sanatoriylar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ushbu faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish maqsad qilingan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligining:
- “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” (Medical service hospitality) dasturini amalga oshirish;
- davlat va xususiy tibbiyot muassasalari hamda sanatoriy va pansionatlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini monitoring qilish tizimini joriy qilish;
- konsalting — diagnostika — davolash — turoperator — transport — tibbiy tarjimon xizmatlarini birgalikda ko‘rsatadigan tibbiy turizm klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy qilish;
- “Avitsenna” nomi ostida O‘zbekiston Respublikasining tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi brendini ishlab chiqish va uni doimiy ravishda targ‘ib qilib borish;
- toifali (yulduzli) mehmonxonalar tipidagi sanatoriylar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularni sertifikatlashtirish tizimini joriy qilish;
- tog‘li, shifobaxsh balchiq qatlamlari bor hamda shifobaxsh suvlar qatoriga kiritilgan va sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik suv (termal suv) obyektlari mavjud bo‘lgan hududlarda sanatoriy-kurort zonalarini tashkil qilish;
- 2025-yil 1-aprelga qadar internet tarmog‘i orqali yashovchilarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturi (Ye-mehmon)ga ulangan xususiy tibbiyot va sog‘lomlashtirish muassasalarini dastlabki olti oylik abonent to‘lovini to‘lashdan ozod qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.
Andijon, Namangan, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimliklari Turizm qo‘mitasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda sanatoriy-kurort zonalariga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish choralarini ko‘rishi belgilandi.
Yangi tartibga muvofiq:
- Xalqaro qo‘shma komissiyadan (Joint comission international) akkreditatsiyadan o‘tgan dastlabki 30 ta xususiy tibbiyot muassasasining akkreditatsiyadan o‘tish xarajatlarining 50 foizi Sog‘liqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bunda imtiyozdan foydalangan xususiy tibbiyot muassasasi bilan affillangan shaxslarga mazkur imtiyoz taqdim etilmaydi;
- shifobaxsh suvlar qatoriga kiritilgan va sanitariya sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik suv (termal suv) obyektlaridan tibbiyot muassasalari, sanatoriy va pansionatlar teng va umumiy tartibda foydalanadi.
Qaror bilan turizm qo‘mitasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining chegara bojxona postlari hududida o‘z mablag‘lari hisobidan xorijiy fuqarolar uchun respublikadagi tibbiyot, sog‘lomlashtirish muassasalari imkoniyatlari to‘g‘risida targ‘ibot kampaniyalarini tashkil qilish;
- davlat tili va xorijiy tillarda tibbiyot hamda sog‘lomlashtirish muassasalarining yagona reyestrini shakllantirish va uni doimiy ravishda yangilab borish;
- toifali (yulduzli) mehmonxonalar tipidagi sanatoriylarni sertifikatlashtirilishini tashkil qilish;
- maxsus tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi yo‘nalishlari (marshrutlari)ni ishlab chiqish.
Turizm qo‘mitasi 2025-yil 1-martga qadar:
- tibbiyot muassasalari, sanatoriylar va tibbiy turizm yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlarning xizmatlari sifati baholab borilishini nazarda tutuvchi reytingni shakllantirish uchun elektron platforma;
- davlat tili va xorijiy tillarda tibbiyot hamda sog‘lomlashtirish muassasalarining yagona reyestri ishga tushirilishini ta’minlashi belgilandi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab:
- 2028-yil 1-yanvarga qadar Yagona reyestrga kiritilgan tibbiyot va sog‘lomlashtirish muassasalarining xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarda o‘z xizmatlari hamda mahsulotlari bilan ishtirok etish xarajatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
- 2027-yil 1-yanvarga qadar tibbiyot va sog‘lomlashtirish muassasalarining shifokorlari tomonidan xorijiy mamlakatlarda bepul tibbiy diagnostika xizmatlarini tashkil qilish bilan bog‘liq transport va yashash xarajatlari Sog‘liqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplab beriladi.
Xorijiy mamlakatlarda bepul tibbiy diagnostika xizmatlarini tashkil qiladigan tibbiyot va sog‘lomlashtirish muassasalarining shifokorlari ro‘yxati Yagona reyestrga kiritilgan muassasalar orasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda shakllantiriladi.
Yagona reyestrga kiritilgan tibbiyot va sog‘lomlashtirish muassasalari, reytingda 70 va undan yuqori ball olgan tibbiyot muassasalari, sanatoriy va turoperatorlar xizmatlari hamda mahsulotlarini xorijiy mamlakatlarda targ‘ib qilish uchun bosma va video mahsulotlarni tayyorlash Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Elektron platforma hamda Yagona reyestr Turizm qo‘mitasi buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi va Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi imkoniyatlarini targ‘ib qilish sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi.