Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov “Gazeta.uz” muxbirining Bektemirdan Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismi rekonstruksiya qilib, pulli yo‘lga aylantirishi haqidagi savoliga javob berdi. Savol javoblar OIIBning to‘qqizinchi yillik yig‘ilishi doirasida sessiyada bo‘lib o‘tdi.

Mazkur rejaga munosabat bildirar ekan, Jamshid Tursunov pulli yo‘l qurish uchun, albatta, unga muqobil ravishda bepul yo‘lni iste’molchiga ta’minlab berish kerakligini ta’kidladi.

“A nuqtadan B nuqtaga boriladigan yo‘lda muqobillik ta’minlanishi shart, bu mening shaxsiy fikrim. Bugungi kunda Toshkent-Bo‘stonliq yo‘lda muqobillik asosida boriladigan bir emas, ikkita yo‘l bor”, — dedi u.

Qo‘mita raisining fikricha, bu yo‘lning uzil-kesil pulli qilish haqida aytilishiga sal boshqacharoq qarash lozim bo‘ladi.

“Toshkentdan Bo‘stonliqqa o‘zingiz ham borib ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, qanchalik tirband shu yo‘l? Turkiyalik hamkorlarimiz bilan shu yo‘lni tijorat maqsadida rekonstruksiya qilish masalasi qo‘yilgandi. Hamkorlarimiz shu yo‘lni pulli yo‘lga aylantirish bo‘yicha taklifini beryapti”, — dedi Tursunov.

U, shuningdek, Xitoyning CITIC kompaniyasi Toshkentdan Bo‘stonliqqa yangi yo‘nalishda, Chirchiq shahrini aylanib o‘tib boruvchi yo‘l loyihasi ustida ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

“Bundan tashqari, Xitoyning CITIC kompaniyasi shu Toshkent-Bo‘stonliq yo‘lini yangi yo‘nalishda, Chirchiq shahrini aylanib o‘tish loyihasini taqdim etgan va bu loyihaning texnik iqtisodiy asoslari, hozir aytilayotgan loyihadan ancha oldin ishlab chiqilib, ekspertizasi olib borilmoqda. Va shu bo‘yicha ham hali e’lon qilinmagan 2−3 ta loyihalarimiz bor”, — dedi qo‘mita raisi.

Jamshid Tursunov OAVdan buni to‘g‘ri talqin qilishni ham so‘radi va xavotirga o‘rin yo‘q, deya ta’kidladi.

“Ommaviy axborot vositalaridan buni to‘g‘ri talqin qilishni iltimos qilgan bo‘lardim. Sababi, hali yo‘q narsaga budjetdan qilingan yo‘lni pulli qilar ekan, degan fikrni uyg‘otish noto‘g‘ri bo‘ladi. Unday bo‘lmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi Turkiyaning Onur Group kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 4P12 Bektemir- Chirchiq — G‘azalkent- Chorbog‘ avtomobil yo‘lining 6−77 km qismini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borganini ma’lum qilgandi. Mazkur yo‘lni pulli yo‘lga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Loyiha 18-sentabr kuni Onur Group kompaniyasi ekspertlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganilgan. Uchrashuv yakunida tomonlar “loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish” bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish yuzasidan kelishuvga erishgan.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, transport vazirligi ushbu pulli yo‘l uchun hali tender o‘tkazmagan. Vazirlik ushbu kompaniyaning takliflari ko‘rib chiqilganini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari hali ishlab chiqilmaganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, tender o‘tkaziladi va loyiha pudratchisi aniqlanadi, deya bildirdi vazirlik.

Moliyachi Otabek Bakirov Chorvoqqa eltuvchi davlat qurgan yo‘lning pulli yo‘lga aylanishi pulli yo‘l mohiyatiga zid ekani haqida yozdi.

“Mazkur yo‘lni davlat qurgan, davlat yo‘l tashkilotlari balansida. O‘zbekistonda pulli yo‘llar to‘g‘risida qonun mavjud emas (yarim yil avval loyiha ishlab chiqilgan). Lekin xalqaro amaliyotda ham, taklif etilayotgan qonun loyihasida ham davlat qurgan va umumfoydalanuvda bo‘lgan yo‘lni qaysidir “investor”ga topshirib, pulli yo‘lga aylantirish degan lazeyka yo‘q”, — deya ta’kidladi u.

Otabek Bakirov qonun loyihasida ham bu haqda gap borishiga e’tibor qaratdi. Unda shunday deyiladi:

“Pulli avtomobil yo‘lini rejalashtirish, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish mavjud avtomobil yo‘llarida atrof-muhit va jamoat xavfsizligini hisobga olgan holda yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish hamda yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, transport sohasiga oid axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash imkonini beradigan muqobil avtomobil tarmog‘ini yaratish maqsadida amalga oshiriladi”.

“Hali shuncha yillardan beri va’da qilinayotgan bironta pulli yo‘l qurilishini qoyilmaqom qilmay turib, borlarini pulli yo‘lga aylantirishga o‘tib ketmanglar, baraka topgurlar”, — deydi Otabek Bakirov.