Futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionatining pley-off bosqichi boshlandi. 24-sentabr kuni Buxoroda Braziliya — Kosta-Rika, Toshkentda esa Niderlandiya — Ukraina bahslari bo‘lib o‘tdi. Buxoroda o‘tgan bahsda Braziliya katta qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi, poytaxtdagi “Humo Arena"da tashkil etilgan o‘yinda esa Ukrainaga chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish oson kechgani yo‘q.

FIFA matbuot xizmatining qayd etishicha, Kosta-Rika va ayniqsa Niderlandiya uyga boshni baland ko‘targan holda qaytsa arziydi, zotan Yevropa vakillari 24 yil deganda birinchi marta jahon chempionatida qatnashib, havaskor futzalchilar bilan o‘ynashiga qaramay, guruh bosqichida birorta ham mag‘lubiyatga uchramay (Niderlandiya O‘zbekiston bilan bir guruhdan o‘rin olgandi), pley-offga chiqa oldi va chorak finalga chiqish uchun ham oxirigacha harakat qildi.

Braziliya endi chorak finalda Eron — Marokash juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynashga tayyorgarlik ko‘rsa, Ukraina Ispaniya — Venesuela qarama-qarshiligida g‘olib chiqqan jamoa bilan o‘ynaydi.

Nimchorak final
24-sentabr, seshanba

Braziliya — Kosta-Rika 5:0 (video)

Gollar: Marsel (5), Felipe Valerio (12), Leandro Lino (28), Negino (36, 40).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Negino (Braziliya).

Braziliyalik Marsel joriy jahon chempionatining to‘rt o‘yinida raqiblar darvozasiga 9 ta gol urdi. FIFA matbuot xizmatining qayd etishicha, xuddi shuncha gol 2012-yili Tailandda bo‘lgan mundialda Eder Limaga, 2021-yili esa Litvada bo‘lgan jahon chempionatda Ferraoga musobaqa “Oltin butsa"sini qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘lgandi.

Niderlandiya — Ukraina 1:3 (video)

Gollar: Said Buzambu (29) — Mixail Zvarich (6), Andrey Melnik (31, 40).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Andrey Melnik (Ukraina).

Andrey Melnik futzal bo‘yicha jahon chempionatlarining pley-off bosqichida bir o‘yinda bittadan ortiq gol urgan ikkinchi ukrainalik futbolchiga aylandi. Bungacha 2012-yili Tailandda o‘tgan mundialning nimchorak finalida Denis Ovsyannikov bir daqiqa ichida Yaponiya darvozasiga ikkita gol urgandi, oxir-oqibat o‘yin Ukrainaning 6:3 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan.




Navbatdagi uchrashuvlar

25-sentabr kuni nimchorak final doirasida Andijonda Ispaniya — Venesuela (Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanadi), Toshkentda esa Paragvay — Afg‘oniston (soat 20:00 da boshlanadi) uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

25-sentabr, chorshanba
17:30. Andijon
Ispaniya — Venesuela

20:00. Toshkent
Paragvay — Afg‘oniston

26-sentabr, payshanba
17:30. Buxoro
Eron — Marokash

20:00. Andijon
Portugaliya — Qozog‘iston

27-sentabr, juma
17:30. Buxoro
Tailand — Fransiya

20:00. Toshkent
Argentina — Xorvatiya