O‘zbekiston yaqin besh yil ichida suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 25-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

“O‘rtacha global harorat 2040-yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030-yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti”, — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi sur’atlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Oqibatda dunyoda 800 millionga yaqin odam o‘ta og‘ir kambag‘allik sharoitida yashaydi.

Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois an’anaviy logistika yo‘nalishlari mutlaqo o‘zgaryapti. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va iste’mol tovarlarining qimmatlashishiga sabab bo‘lyapti, dedi davlat rahbari.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 million kishidan oshadi. Yaqin besh yil ichida mintaqa yalpi ichki mahsuloti 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

“Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda. Hozirda amalga oshirish boshlangan „Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston“ temiryo‘lini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari, ayniqsa, o‘tkir tus olmoqda.

“O‘zbekiston bu borada o‘z strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash bo‘yicha katta loyihalarni boshlagan. Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi”, — qayd etdi u.

Prezident Osiyo infratuzilma investitsiya banki bilan hamkorlikda suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. “O‘ylaymanki, qo‘shnilarimiz ham bu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaydi”, — ta’kidladi u.

O‘zbekistonda chuchuk suvning 90% dan ortig‘i qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Bu jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqori.

2023-yil aprel oyida Suv xo‘jaligi vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari 2030-yilga borib mamlakatda 7 milliard kub metr suv yetishmasligini ta’kidlagan edi (hozirgi hajmning 25 foizi). Hamkor BCG O‘zbekistonda suvni tejash bo‘yicha tashabbuslarni 10 milliard dollarga baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat xarajatlarni to‘g‘ri belgilashi kerak.

O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflari ko‘tarilishi, Qoraqalpog‘istonda sholi yetishtiriladigan maydonlarning qisqarishi, Qirg‘izistonning Qozog‘istonga sug‘orish uchun suv berishni to‘xtatgani mintaqada suv inqirozi kuchayib borayotganidan dalolat beradi. “Gazeta.uz” hududlardagi suv bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangandi.

oktabr oyida “Gazeta.uz” ikki yil davomida O‘zbekiston budjetidan suv xo‘jaligiga qariyb 2 milliard dollar ajratilgani (2,54 milliard dollarlik davlat qarzini hisobga olmaganda), ammo bu vaqt ichida suv isrofi va nasoslarning holati yaxshilanmagani haqida yozgan edi. 2024-yilda yana 1,7 trillion so‘m va 300 million dollar kredit ajratish ko‘zda tutilgan.