Zamonaviy dunyoda hayvonot bog‘lari jamiyatda qarama-qarshi fikrlarni keltirib chiqaryapti. Ayrimlar, hayvonot bog‘lari hayvonlarni tadqiq qilish, saqlab qolish va ko‘paytirishda muhim rol o‘ynashi, shuningdek, odamlarni tabiatni sevish va unga g‘amxo‘rlik qilishga o‘rgatishiga ishonadi. Boshqalar esa bunday muassasalarni hayvonlar omma ko‘ngilxushligi uchun achinarli va mazmunsiz hayot kechirishga mahkum etiladigan shafqatsiz qamoqxonalar, deb hisoblaydi. Toshkent hayvonot bog‘i haqida ham turli ziddiyatli fikrlar tez-tez quloqqa chalinadi. Biroq tashrif buyuruvchilar e’tiboridan chetda qanday ishlar amalga oshirilayotgani odamlarga qay darajada ma’lum?
Foto: Hamdam Sharahmedov / “Gazeta.uz”
2023-yil noyabrida Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari jamoasi bilan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish maqsadida Rossiyadan hamkasblar — Moskva hayvonot bog‘i akademiyasi rahbari Irina Rabotnova va ilmiy-tadqiqot sektori rahbari Yelena Neprinseva kelgandi. “Gazeta.uz” ular bilan hayvonot bog‘larining paydo bo‘lish tarixi, maqsadi, faoliyati, odamlar va hayvonlar hayotida tutgan o‘rni haqida suhbatlashgan va dunyo nima uchun hali ham ulardan voz kecholmayotganini tushunishga uringandi.
Chapdan o‘ngga: Irina Rabotnova va Yelena Neprinseva. Foto: Toshkent hayvonot bog‘i.
Zamonaviy hayvonot bog‘i nima va u nima bilan shug‘ullanadi?
“Biologik ensiklopedik lug‘at"ga ko‘ra, hayvonot bog‘i — ilmiy-ma'rifiy muassasa. Uning vazifalari hayvonot olamining xilma-xilligini namoyish etish, tabiat haqidagi bilimlarni tarqatish, hayvonlarni asrab-avaylashni targ‘ib qilish, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarning genofondini saqlab qolishdan iborat. U chorvachilikdan hududining nisbatan kattaroqligi va hayvon turlari sonining ko‘pligi bilan ajralib turadi.
Tashrif buyuruvchilarda ko‘pincha barcha hayvonot bog‘lari faqatgina tutqunlikdagi hayvonlarni namoyish qilish vositasida odamlarning vaqtichog‘lik qilishiga xizmat qilish maqsadida yaratilgan, degan tasavvur bo‘ladi. Biroq zamonaviy hayvonot bog‘larini tashkil etishdan maqsad — faqat ko‘ngilochar maqsadlarga xizmat qilish emas, ularning faoliyati ancha kengroq va chuqurroq.
Yelena Neprinsevaning so‘zlariga ko‘ra, hayvonot bog‘larining to‘rtta asosiy maqsad va vazifasi bor: tabiatni muhofaza qilish, ilmiy-tadqiqot, dam olish va ma’rifiy.
Foto: Moskva hayvonot bog‘i
Ma’rifiy va biologik xilma-xillik, ayniqsa noyob hayvonlar turlarini saqlab qolish vazifalari eng birlamchi hisoblanadi. Ular o‘zaro bog‘liq va ikkita muammo — yovvoyi hayvonlarni qanday qilib tutqunlikda saqlash va ko‘paytirish hamda ularni tabiatda qanday saqlab qolish muammosini hal qilishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarsiz imkonsiz. Zamonaviy hayvonot bog‘i, agar unda ilm-fan yashamasa, o‘zining mavjudligini oqlay olmaydi, chunki u hayvonlarning xatti-harakatlarini nazorat ostida kuzatish va o‘rganish uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etadi. Olingan bilimlar hayvonlar biologiyasi, tibbiyoti va xulq-atvor xususiyatlarini tushunishda muhim ahamiyatga ega. Hayvonot bog‘lari o‘rtasida ilmiy ma’lumotlar almashinuvi ham kuchayyapti, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar populyatsiyasini tiklash va ko‘paytirish bo‘yicha xalqaro dasturlar ishlab chiqilmoqda.
Foto: Moskva hayvonot bog‘i
Ta’lim, tarbiya va dam olish funksiyalari ham nihoyatda muhim. Hayvonot bog‘i hududidagi lavhalar va plakatlar ta’lim funksiyasiga xizmat qiladi. Hayvonot bog‘larida madaniy-ma'rifiy faoliyatni amalga oshirish uchun yosh tabiatshunoslarning to‘garaklari ishlaydi, maktab o‘quvchilari va talabalar uchun ma’ruza va darslar, biologiya o‘qituvchilari va uy hayvonlari egalari uchun kurslar, mavzuli ekskursiyalar, virtual turlar tashkil etiladi.
Hayvonot bog‘laridagi hayvonlar qayerdan keltiriladi va ularga kim g‘amxo‘rlik qiladi?
Aholi orasida keng tarqalgan tasavvurdan farqli o‘laroq, hayvonot bog‘lari uchun hayvonlar tabiiy yashash joylaridan tutib keltirilmaydi. Bunday amaliyot mavjud, biroq unga juda kamdan-kam hollarda — hayvonni saqlab qolishning boshqa imkoni qolmaganida — murojaat qilinadi. Tabiatdan, asosan, mustaqil ravishda yashab qolish layoqatiga ega bo‘lmagan — yetim qolgan yoki jarohatlangan hayvonlar va ularning bolalari tutib kelinadi. Bunday hayvonlar hayvonot bog‘i populyatsiyalariga yangi genlarni olib keladi.
Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.
Hayvonot bog‘larida bugun uchratish mumkin bo‘lgan hayvonlarning aksariyati bir necha avlod davomida tutqunlikda yashagan bo‘ladi. Ularni olishning asosiy yo‘li — boshqa hayvonot bog‘lari va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon va Yevropa hayvonot bog‘lari va akvariumlar assotsiatsiyasi (WAZA va EAZA), Yevrosiyo mintaqaviy hayvonot bog‘lari va akvariumlar assotsiatsiyasi, Rossiya hayvonot bog‘lari va akvariumlar ittifoqi va boshqalar bilan o‘zaro almashishdir. Bundan tashqari, hayvonlar hayvonot bog‘larining o‘zida ham ko‘payishi mumkin.
Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarni ko‘paytirish xalqaro va mintaqaviy naslchilik dasturlari bilan muvofiqlashtiriladi. Ayni paytda, hayvonot bog‘lari o‘rtasida hayvonlar savdosi taqiqlangan. Saqlash standartlari singari, dastur hayvonlarini joylashtirish EAZA tomonidan qat’iy nazorat qilinadi. Huquqbuzarlik uchun hayvonot bog‘lari litsenziyasi bekor qilinishi va assotsiatsiyadan chiqarib yuborilishi mumkin.
Hayvonot bog‘laridagi populyatsiyalar juda kamdan-kam hollarda tabiatdan yangi hayvonlar bilan to‘ldirilganligi sababli, ularda nasl buzilishi xavfi yuqori. Buning oldini olish uchun butun dunyodagi hayvonot bog‘larida u yoki bu turdagi hayvonlarning barcha qarindoshlik munosabatlari maxsus naslchilik kitoblarida qayd etib boriladi. Bir muassasada dunyoga kelgan hayvonlar boshqasiga o‘tkazilganda, bu dasturlarning koordinatorlari juftlarni yaqin qarindoshlarni o‘zaro chatishtirishga yo‘l qo‘yilmaydigan tarzda tanlaydi. Shunday qilib, hayvonot bog‘larida saqlanadigan turlarning sun’iy populyatsiyasi genofondining xilma-xilligi saqlanib qoladi.
Foto: Toshkent hayvonot bog‘i
“Zamonaviy hayvonot bog‘ining maqomi unda saqlanadigan yoki ko‘rgazmaga qo‘yilgan hayvonlar soni bilan belgilanmaydi. Kolleksiya katta bo‘lishi shart emas, u malakali tashkil etilgan bo‘lishi kerak. Tutqunlikda juda yaxshi ko‘payadigan va katta nasl beradigan hayvonlar bor. Ularning populyatsiyasini kuzatish muhim. Agar hayvonot bog‘ida bo‘sh joy yo‘q, yangi hayvonlarni qo‘shib olishga tayyor bo‘lmasa, hayvon bolasi keraksiz bo‘lib qoladi va uni yo‘q qilishga to‘g‘ri keladi”, — deydi Yelena Neprinseva.
Hayvonot bog‘i hayvonlarga nima taklif qiladi?
Hayvonlar farovonligi bo‘yicha WAZA strategiyasiga ko‘ra, hayvonot bog‘ida saqlanadigan har bir jonivor faol hayot kechirish uchun keng maydon va yolg‘iz qolish uchun xilvat joy, shaxsiy parvarish, maxsus oziq-ovqat va tibbiy yordamdan foydalanish huquqiga ega.
Hayvonot bog‘ining faoliyat yo‘nalishlaridan biri — hayvonlarning yashash sharoitlarini boyitishdir. Ularning hayotini yanada qiziqarli va rang-barang qilish, shuningdek, g‘ayritabiiy xatti-harakatlarning (stress hamda tegishli jismoniy va aqliy faollikning yetishmasligidan kelib chiqadigan stereotipik xulq-atvor, buning natijasida hayvonlar aylana bo‘ylab yuradi, panjaralarni tishlaydi va hokazo — tahr.) oldini olish maqsadida hayvonlar o‘z tabiatiga xos bo‘lgan xulq-atvorni namoyon qilishiga imkon beruvchi turli predmetlar (karton qutilar, o‘yinchoqlar va boshqalar) bilan ta’minlanadi.
Gamadrillar uchun yangi yozgi qafas. Foto: Toshkent hayvonot bog‘i
Hayvonot bog‘ida saqlanuvchi har bir jonivorga maxsus shaxs — kiper g‘amxo‘rlik qiladi. U hayvonni boqadi, parvarishlaydi va uni qo‘lga o‘rgatadi. Uning vazifalari qatorida mashg‘ulotlar — o‘yin shaklidagi muntazam mashqlar o‘tkazish ham bor. Bunday mashg‘ulotlar ko‘pincha hayvonlarning salomatligini saqlash uchun tibbiy maqsadlarda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, kiperlar hayvonot bog‘i mashg‘ulotlarini operant o‘rgatish usuli asosida olib boradi. Bu usul ijobiy rag‘batlantirish tamoyiliga asoslangan bo‘lib, muayyan xulq-atvor uchun mukofotlash va jazolash orqali amalga oshiriladi.
Foto: Kseniya Gorbachyova / “Gazeta.uz”.
Yaxshi hayvonot bog‘larida fauna vakillari tabiiy sharoitdagiga qaraganda uzoqroq umr ko‘radi. Bundan tashqari, tabiatda deyarli yo‘qolib ketgan hayvonlar turlari mavjud va hayvonot bog‘lari ular uchun yagona najot maskaniga aylangan. Hayvonot bog‘lari sharofati bilan Prjevalskiy oti, David bug‘usi, Yevropa zubri, Arab oriksi, Gavayi g‘ozi, fil-toshbaqa, oq karkidon va boshqa turlarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lingan.
Foto: Toshkent hayvonot bog‘i
Bo‘sh joy mavjud bo‘lgan taqdirda, hayvonot bog‘lari musodara qilingan va qutqarib qolingan hayvonlarni qabul qiladi. Biroq hamma muassasalar ham bunday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olavermaydi, chunki bunday hayvonlar turli muammolar bilan keladi va qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni talab qiladi.
“Bizga ko‘pincha uzoq mamlakatlardan noqonuniy olib kelingan yoki shaxsiy qo‘riqxonalarda tutqunlikda saqlangan hayvonlar masalasida murojaat qilishadi. Ba’zida mas’uliyatsiz egalar o‘zlarining ekzotik uy hayvonlarini hayvonot bog‘lari darvozalari oldida qoldirishlari ham mumkin. Biz hayvonlardan yuz o‘girolmaymiz, shuning uchun hammani qabul qilamiz va yordam beramiz. Shundan so‘ng ularni o‘zimizda qoldiramiz yoki yangi uyga topshiramiz. Agar hayvonot bog‘lari bo‘lmaganida, bu bechora hayvonlarning taqdiri qanday kechardi — noma’lum”, — deydi Irina Rabotnova.
Hayvonot bog‘lariga ko‘pincha shahar faunasi vakillari kelib qo‘shiladi. O‘simliklar va suv havzalariga boy bo‘lgan tabiiy landshaft olmaxonlar, burunduqlar, tipratikanlar, norkalar, suvkuchuk (ondatra)lar va boshqa mayda jonzotlar uchun juda mos keladi. Qushlar muassasalardan oziqlanish, dam olish yoki uya solish maqsadida foydalanadi.
“To‘g‘ri tashkil etilgan” hayvonot bog‘lari qanday bo‘ladi?
Saqlanadigan hayvonlar, tashrif buyuruvchilar va xodimlar uchun sog‘lom, qulay va xavfsiz shart-sharoitlarni ta’minlay olgan hayvonot bog‘larinigina “to‘g‘ri tashkil etilgan” deb atash mumkin.
Zamonaviy hayvonot bog‘lari tushunchasi taxminan 100 yil oldin rivojlana boshlagan. Ulardagi hayvonlar tabiiy yashash joylariga taqlidan tashkil etilgan sharoitlarda saqlanadi — katak va qafaslar o‘rniga ariqlar, tepaliklar, o‘simliklar va suv havzalaridan foydalaniladi. Qafaslarni loyihalashda hayvonlarning barcha jismoniy va xulq-atvor ehtiyojlarini hisobga olgan holda atrof-muhitni boyitish elementlari, masalan, xodalar, novdalar, shinalar, bochkalar, qutilar, shishalar, yo‘l konuslari, o‘yinchoqlar, boshqotirmalar va boshqalar qo‘shiladi. Ushbu tabiiy ko‘rgazma vositalari har mavsumda yangilab turiladi. Hayvonot bog‘i “aholisi” odamlar bilan minimal aloqa va maksimal parvarish bilan, ortiqcha stress va jarohatlarsiz boy va to‘laqonli hayot kechirishi uchun hamma choralar ko‘riladi.
Singapur hayvonot bog‘i. Foto: Headout.com
Bu talablarning barchasiga Singapur hayvonot bog‘i javob beradi. U o‘rmon va ko‘llardan tashkil topgan taxminan 28 gektarlik tropik qo‘riqxona hududida joylashgan. U yerda jami 300 dan ortiq hayvon turlari, jumladan, yo‘qolib borayotgan turlar ham yashaydi. Hayvonot bog‘ining asosiy faxri — hayvonlarni tabiiy yashash muhitida namoyish etishidir. An’anaviy devorlar ko‘zga ko‘rinmas to‘siqlar — suvli chuqur xandaqlar va chakalakzor devorlar bilan almashtirilgan. Inson hayotiga xavf soladigan hayvonlar ham xuddi shunday ochiq va keng, biroq to‘laqonli tabiiy landshaft yaratilgan oynavand qafaslarda yashaydi. Singapur hayvonot bog‘i dunyoda birinchi bo‘lib tungi safari xizmatini ishga tushirgan — bunda tashrif buyuruvchilar tungi hayvonlarning xulq-atvori haqida ko‘proq ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi.
Singapur hayvonot bog‘i. Foto: Headout.com
“To‘g‘ri tashkil etilgan” hayvonot bog‘iga yana bir misol — Finlyandiyadagi Ranua yovvoyi tabiat parki. Dunyoning eng shimoliy hayvonot bog‘i o‘zining eng boy Arktika kolleksiyasi bilan mashhur. Uning ulkan hududi 1983-yildan beri shimoliy hayvonlarning 60 dan ortiq turlari uchun boshpana vazifasini o‘taydi. Ularning barchasi tabiiy sharoitlarni takrorlaydigan shart-sharoitlarda saqlanadi. Mehmonlar tabiiy qafaslarni ajratib turuvchi va hayvonlarni erkin tomosha qilish imkonini beruvchi yog‘och ko‘priklar bo‘ylab harakatlanadi.
Ranua yovvoyi tabiat parki. Foto: Lapland.fi
Muassasa, shuningdek, veterinariya shifoxonasi vazifasini o‘taydi: butun mamlakatdan jarohatlangan hayvonlar shu yerga keltirilib, keyin tabiat qo‘yniga qo‘yib yuboriladi. Hayvonot bog‘ida faunaga zarar yetkazmagan holda dam olish va vaqtichog‘lik qilishga e’tibor qaratiladi. Tashrif buyuruvchilar qordayurar (snegoxod) minishlari va chang‘ida uchishlari, it va bug‘u qo‘shilgan chanalarda sayr qilishlari va Laplandiya chodiriga kirishlari mumkin. Sayrni piknik bilan birlashtirish uchun butun marshrut bo‘ylab gulxanlar tashkil etilgan, kirish qismida esa esdalik sovg‘a do‘konlari va kafelar mavjud.
Finlyandiyadagi Ranua yovvoyi tabiat parki. Foto: Lapland.fi
Hayvonot bog‘lari odamlarga nima uchun kerak?
Zamonaviy hayvonot bog‘larini barcha yoshdagi millionlab odamlar jamlanadigan nuqta deb atash mumkin. Birgina Moskva hayvonot bog‘iga har yili 3 milliondan ortiq odam keladi. Bu holat mazkur muassasalarni ma’rifiy faoliyat uchun ideal platformaga aylantiradi, asosiysi — tashrif buyuruvchilarga ma’lumot yetkazish usullarini malakali tashkil etish.
Foto: Moskva hayvonot bog‘i
Moskva hayvonot bog‘i xodimlarining fikricha, odamlar hayvonot bog‘iga kelganidan so‘ng ularda jonivorlarga nisbatan mehr-shafqat uyg‘onadi va ularni himoya qilish masalasiga ko‘proq e’tibor qarata boshlaydi. Suratli kitoblar va teleko‘rsatuvlar ham odamlarga hayvonot bog‘ichalik ta’sir ko‘rsata olmaydi. Odamlar yovvoyi hayvonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhim. Ba’zi turlar faqat hayvonot bog‘laridagina saqlanib qolgan va odamlarda ular bilan tanishishning boshqa imkoni yo‘q.
Bunga misol sifatida “Gazeta.uz"ning suhbatdoshlari Moskva hayvonot bog‘ining ramzi — manulni keltiradi. Bu noyob, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvon. Ko‘pchilik odamlar yovvoyi tabiatda uni hech qachon uchratmagan bo‘lardi, lekin hayvonot bog‘ida uni nafaqat tomosha qilish, balki u haqida ma’lumot ham olish mumkin.
Manul. Foto: Moskva hayvonot bog‘i
Ular, masalan, manullar brakonerlar tomonidan ovlanishi, ularni hatto xonaki itlar ham o‘ldirishi mumkinligi, chunki manullar qochib ketmasdan, yashirinishga harakat qilishi — bu xatti-harakat mushuklar oilasining ushbu vakiliga xos ekanligini bilib oladi. Bu jonivorning taqdiri haqida bosh qotirishga majbur qiladi, unga nisbatan hamdardlik hissi uyg‘onadi.
Zamonaviy hayvonot bog‘larining maqsadi tashrif buyuruvchilarni xursand qilish emas. Odamlar u yerga dam olish va tabiatga yaqinlashish maqsadida keladi. Bunga ta’lim va tarbiya dasturlari, jumladan ekskursiyalar, audiogidlar, qo‘llanmalar, virtual sayohatlar yordam berishi mumkin. Kafe, do‘kon, attraksion, tir va o‘yin maydonchalari tashkil etilmagani ma’qul, ularni hayvonlar qafaslaridan imkon qadar uzoqroqqa joylashtirish maqsadga muvofiq .
Xodimlarning ta’kidlashicha, ko‘pchilik hayvonot bog‘ida ularning hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan yovvoyi hayvonlar borligini unutib qo‘yadi. Tashrif buyuruvchilar hayvonlarni ovqatlantirmaslik, masxara qilmaslik yoki ularni o‘ziga jalb qilishga urinmaslik, chaqnoq (vspishka) bilan suratga olmaslik, qo‘llar, oyoqlar yoki boshqa narsalarni panjaradan ichkariga suqmaslik, to‘siqlardan oshib o‘tmaslik kabi qat’iy qoidalarga rioya qilishi lozim. Chiqindi tashlash, jihozlarni sindirish va chekish ham taqiqlanadi.
Foto: Kseniya Gorbachyova / “Gazeta.uz”.
Hayvonot bog‘i tomonidan o‘rnatilgan tartib-qoidalarni buzish nafaqat zarar yetkazishi, balki hayvonning o‘limiga olib kelishi mumkin. Afsuski, ko‘plab hayvonot bog‘larida, jumladan, Moskva va Toshkentda xodimlar mas’uliyatsiz tashrif buyuruvchilarni jarimaga tortish yoki hibsga olishga haqli emas. Ular faqat xulq-atvor madaniyatini yaxshilashlari va o‘ta jiddiy holatlarda qoidabuzarlardan muassasa hududini tark etishni so‘rashi mumkin. Boshqa mamlakatlarda buning uchun tashrif buyuruvchi jarimaga tortiladi, “qora ro‘yxat"ga kiritiladi yoki jabrlangan hayvonni davolash uchun pul to‘lashga majbur qilinadi.
“Tashrif buyuruvchilar parkka kuzatuvchi sifatida kirib kelayotganlarini yodda tutishlari muhim. Bu yerdagi hayvonlardan tomosha ko‘rsatishni kutmaslik kerak. Ularning xulq-atvori va turmush tarzini tabiiy muhitda kuzatish yanada qiziqarliroq. Hayvonot bog‘ida odamlar — mehmon, mehmonga borilganda axlat tashlash, shovqin-suron qilish, yugurish, eshiklari yopiq xonalarga kirish va o‘zini madaniyatsiz tutish odobdan emas”, — deydi Irina Rabotnova.
Nega dunyo hayvonot bog‘laridan voz kechmaydi?
Zamonaviy dunyoda hayvonot bog‘lariga ehtiyoj bormi, degan savolga Moskva hayvonot bog‘i xodimlarining javobi ijobiy. Virtual hayvonot bog‘lari kabi zamonaviy texnologiyalar va muhofazaga olingan tabiiy qo‘riqxonalar an’anaviy hayvonot bog‘larining ayrim funksiyalarini bajarishi mumkin. Biroq noyob turlarni saqlash va ko‘paytirish ko‘pincha hayvonot bog‘laridagi singari nazoratga olingan muhitni talab qiladi. Bundan tashqari, ular odamlar va hayvonlarning uchrashadigan joyiga aylanadi va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish g‘oyasini ilgari suradi. Biologik xilma-xillikni saqlash va ekologik ta’limning yanada axloqiy va samarali usullariga intilgan holda, bu jihatlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash lozim.
Foto: Kseniya Gorbachyova / “Gazeta.uz”.
“Yomon hayvonot bog‘lari mavjud ekanligini ham inkor etolmaymiz — hamma ham hayvonlar uchun munosib sharoitlarni ta’minlamaydi va xalqaro standartlarga javob bermaydi. Odamlarning hayvonot bog‘lari to‘g‘risidagi yanglish tasavvurlari aynan shundan kelib chiqadi. Tashrif buyuruvchilarning hayvonlarga bo‘lgan munosabati ko‘p jihatdan ular qanday namoyish etilayotganiga bog‘liq. Hayvonot bog‘iga tashrif buyurganlar hayvonlarga achinmasliklari kerak, ular odamlarda zavq-shavq uyg‘otishi va naqadar ajoyib jonzotlar bilan bir sayyorada yashayapmiz, degan tushuncha paydo bo‘lishi kerak. Hayvonot bog‘lari odamlarga tabiat bilan aloqani yo‘qotmaslikka yordam beradi”, — tushuntiradi Yelena Neprinseva.
Foto: Toshkent hayvonot bog‘i
“Gazeta.uz” suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, hayvonot bog‘lari haqidagi fikrlar har doim ham adolatli bo‘lavermaydi. Ko‘pincha muassasalarni hayvonlarni ovqatlantirmaslikda ayblashadi. Zamonaviy yirik hayvonot bog‘larida saqlanadigan hayvonlar och qolmaydi va muvozanatli ovqatlanadi. Agar fauna vakili ozg‘in, kasal yoki horg‘in ko‘rinsa, katta ehtimol bilan, u davolanmoqda va xodimlar uning sog‘ayishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotgan bo‘ladi.
Foto: Toshkent hayvonot bog‘i
Ba’zi turlar mavsumga qarab tashqi ko‘rinishini o‘zgartiradi. Misol uchun, bahor va kuzda yungli va patli jonivorlarning yunglari va patlari to‘kilishi mumkin. Ehtimol, bu shunchaki keksa jonivor bo‘lib, keksalik ta’sirida qarindoshlari kabi yosh va baquvvat ko‘rinmas. Uzoq umr ko‘rgan hayvonlar, hayvonot bog‘iga o‘nlab yillar davomida qilgan xizmati va tashrif buyuruvchilarni xursand qilayotgani uchun, yosh birodarlari bilan bir xilda seviladi va hurmat ko‘rsatiladi. Bunday hayvonlarni namoyish etish alohida tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu tashrif buyuruvchilarda hamdardlik hissi va har bir tirik mavjudot to‘laqonli hayot kechirishga haqli, degan tushuncha paydo bo‘lishiga yordam beradi.
Foto: Toshkent hayvonot bog‘i
Ijtimoiy tarmoqlarda hayvonot bog‘idagi hayvonlarni tabiatga qo‘yib yuborish haqidagi chaqiriqlarni ham uchratish mumkin.
“Hayvonot bog‘lari hayvonlarning erkinligini cheklaydi, chunki hatto eng yaxshi sharoitlar ham tabiiy muhitning o‘rnini bosolmaydi. Hayvonot bog‘ida tug‘ilgan jonzotlar tabiiy shart-sharoitlarda hayot kechirishga layoqatli emas va o‘limga mahkum. Bizning qo‘limizdan keladigani — hayvonlarni munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash, chunki ular yovvoyi birodarlarining elchilaridir”, — deydi Yelena Neprinseva.
O‘sha suhbat yakunida Moskva hayvonot bog‘i xodimlari odamlarga shunday murojaat qilgan edi: “Hayvonot bog‘lariga keling, hayvonlarni tomosha qiling! Ularni uzoq kuzatar ekansiz, boshqa tirik mavjudotlar qanday yaratilgani haqida o‘ylay boshlaysiz, muhim bir narsani tushunasiz. Ularni kuzatishdan oladigan eng ahamiyatli narsamiz — ular qanday bo‘lsa, shundayligicha — bizga o‘xshamagan holda yashash va mavjud bo‘lishga haqli ekanligini tushunishdir!”.