Isroil AQSh va boshqa ittifoqchilarning Yaqin Sharqda masshtabliroq urushning oldini olish uchun “Hizbulloh” bilan o‘t ochishni uch haftaga to‘xtatish haqidagi taklifini rad etdi, deb xabar bermoqda Reuters.

“Shimolda sulh bo‘lmaydi, — deb yozdi Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats X’da. — „Xizbulloh“ terror tashkilotiga qarshi kurashni g‘alaba qozonguncha va shimol aholisi o‘z uylariga eson-omon qaytgunicha bor kuchimiz bilan davom ettiramiz”.

AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya, Avstraliya, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar va boshqa davlatlar 25-sentabr kuni Isroil-Livan chegarasidagi harbiy harakatlarni 21 kunga zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgandi. Ularning qo‘shma bayonoti BMT Bosh assambleyasi doirasidagi dunyo yetakchilarining uchrashuvidan so‘ng e’lon qilindi. Ittifoqchilar, shuningdek, Isroil Livanda quruqlikdan hujum boshlashidan xavotirda.

Isroil 23-sentabrdan boshlab Livandagi “Hizbulloh” nishonlari deb da’vo qilinayotgan obyektlarga intensiv havo hujumlarini boshlagandi. Bu vaqt ichida Livan bo‘ylab 600 dan ortiq odam halok bo‘ldi, yana 90 ming kishi o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Isroil havo operatsiyasi “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlar va ratsiyalardagi bir qator portlashlar ortidan sodir bo‘ldi.

  • Isroil va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” o‘rtasidagi ziddiyat G‘azo sektoridagi urush boshlanganidan beri avjiga chiqdi. Guruh Falastinning HAMASini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Isroilga hujumlarini kuchaytirdi va G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilmaguncha to‘xtamasligini bildirdi. Deyarli bir yildan beri davom etayotgan transchegaraviy janglar oqibatida Isroil shimolida 70 mingga yaqin odam o‘z uyini tark etdi. Isroil hukumati ularni uylariga qaytarishni Livandagi operatsiyaning maqsadi deb ataydi.