Toshkentda 26-sentabr kuni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan internet-nashrlar ijodkorlari hamda ijtimoiy tarmoq faollari uchun o‘tkazgan “Eng yaxshi milliy kontent” tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi.
Tanlov uchun 2024-yil 1-yanvaridan 1-sentabrgacha bo‘lgan davrda e’lon qilingan materiallar qabul qilingan. Har bir da’vogardan kamida beshtadan material taqdim etishi so‘ralgan.
“Gazeta.uz” jurnalisti Gulira’no Musayeva tanlovning internet-jurnalistika yo‘nalishi “Internet tarmog‘ida e’lon qilingan eng yaxshi milliy kontent uchun” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Tanlovning boshqa g‘oliblari bilan bu yerda tanishish mumkin.
Gulira’no Musayeva tanlov uchun quyidagi materiallarini taqdim etgan edi:
- Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh — bu nega muammo va uni qanday hal qilish mumkin?
- Oq qayiqda — maqsad sari. Parij-2024 Paralimpiadasiga yo‘llanma olgan Muhayyo Abdusattorova hikoyasi;
- “Qancha emas, qanday yashash muhim”. To‘quvchi Feruza Shodjonova hikoyasi;
- Sahna ortidagi jarayon va qahramonlar. Sharoitidan ko‘ra nomi ko‘proq o‘zgargan O‘zbekiston davlat drama teatridan reportaj;
- “Odamni diabet emas, o‘ziga nisbatan beparvolik va hurmatsizlik o‘ldiradi”;
- “Muvaffaqiyat jinsga emas, bilim va qobiliyatlarga bog‘liq”. Maktabda o‘qiydigan dasturchi qizlar — loyihalari, orzulari va stereotiplar haqida.
Avvalroq “Gazeta.uz"ning boshqa jurnalisti — Ziyoda Ramazonova O‘zbekiston Mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining Internet-jurnalistika nominatsiyasida “ta'lim, fan va madaniyat sohalariga oid dolzarb tanqidiy-tahliliy materiallari uchun” 3-o‘rinni egallagan edi. U tanlov uchun quyidagi materiallarini taqdim etgan edi:
- Poytaxtni egallagan Olot kutubxonasi. Turkmaniston bilan chegara yaqinida kutubxona ochish uchun Turkiyadan qaytgan Shahnoza Navro‘zova hikoyasi;
- “Shuncha azob chekib, ro‘yxatda yo‘q ekanimiz alam qiladi” — farzandi “Dok-1 Maks"dan nogiron bo‘lib qolgan ota-ona;
- “Kelmagan bir prezident qoldi, xolos”. Internet yulduziga aylangan va 45 yildan beri gazli suv sotuvchi Abduvosit ota hikoyasi;
- Fotosessiya saroyiga aylangan amir qabulxonasi. Uni Abdulahadxon Rossiya imperatorini kutib olish uchun qurdirgan edi;
- Kafanlikdagi surat, oyoqosti matbuot, yoniq umidlar. Fitratga bag‘ishlangan ko‘rgazmadan reportaj.