Qishloq xo‘jaligi vazirligi avvalroq xabar qilingan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan fyuchers shartnomalarini o‘zgartirish bo‘yicha qo‘shimcha bitimlar tuzishga majbur bo‘layotgan fermerlar bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, jahon bozorida paxta tolasiga bo‘lgan talab va taklifning o‘zgarishi natijasida O‘zbekistonda 2024-yilgi hosildan paxtaning joriy narxlari prognoz narxlarga nisbatan arzonlashgan. Oqibatda yil boshida (fevral-mart) tuzilgan fyuchers shartnomalarida ko‘rsatilgan narxlar amaldagi kotirovkalarga mos kelmaygan qolgan, shu sababli “klasterlar o‘z mahsulotlarini jahon bozorida sotishda juda katta zararga duch kelyapti”.

“Joriy yilgi yig‘im-terim davrida jahon bozoridagi paxta tolasining shakllangan fyuchers kotirovkalari bo‘yicha paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxlari bir tonnasi uchun 6 mln 800 ming so‘m atrofida shakllanayotganligidan kelib chiqib, past narx belgilanadigan bo‘lsa, fermerlar jabr ko‘rishi mumkin.”, — deyiladi 25-sentabr kungi xabarda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, paxta yetishtirayotgan fermerlar ham, uni qayta ishlovchi klasterlari ham manfaatdorligini hisobga olish hamda katta yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasining 13-sentabrdagi 574-son qarori qabul qilingan.

Hujjatga ko‘ra, birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosining har bir tonnasi uchun (elektron hisob-faktura asosida) Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 1 million so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi. Paxta-to‘qimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosi va urug‘lik paxta bundan mustasno. Iqtisodiyot va moliya vazirligi qarorni amalga oshirish doirasida yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 5 yilgacha muddatga 3,5 trillion so‘mgacha foizsiz budjet ssudasi ajratadi.

Fermer xo‘jaliklari paxta sotishda zarar ko‘rmasligi uchun “belgilangan tartib” asosida subsidiyalar oladi, deyiladi vazirlik xabarida.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi kuzgi o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida “paxta hosilini yog‘in-sochinga qoldirmasdan tezroq terib olish nuqtai-nazaridan bu shartnomalarni jadallashtirish katta ahamiyatga ega” ekanini ta’kidladi.

“Sababi bugun fermer o‘zi yetishtirgan mahsulotini shartnoma tuzish orqali topshirmasa va uni paxta qabul qilish maskanlariga eltib, u yerda elektron tarozi orqali Agroplatforma.uz'ga joylamasa, demakki, unga subsidiya berishning imkoni bo‘lmaydi. Tabiiyki, terim puli ham chiqmaydi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, fermer o‘z mahsulotini taklif qilingan shartlarda sotishni istamasa, ishlab chiqaruvchining o‘zini o‘zi saqlashi uchun shart-sharoit yo‘qligi sababli unga xomashyoni vaqtincha paxta qabul qilish maskanlariga vaqtinchalik joylashtirish imkoniyati yaratilgan, ta’kidlanadi vazirlik xabarida.

Buning uchun fermer vaqtincha saqlash uchun yig‘ish punkti bilan shartnoma tuzishi kerak (saqlash xarajatlarini qoplash sharti bilan). Shundan so‘ng xomashyo elektron platformada ro‘yxatga olinadi va fermer o‘z mahsulotini qachon va kimga sotishini hal qilishi mumkin. Bunda ham paxta elektron tarozilar orqali o‘tkaziladi va fermer ishlab chiqarish hajmiga qarab yig‘im uchun haq oladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforovning tuman hokimi bilan suhbatda barcha fermerlarni to‘plab, paxta narxini 6800 so‘mgacha pasaytirish uchun Toshkentdan jo‘natilgan “blanka"ga imzo qo‘ydirish zarurligini aytgan so‘zlariga ham izoh berdi. Bundan tashqari, u paxtaning 1 kilogrammini 8−9 ming so‘mdan yetkazib berish bo‘yicha avval tuzilgan shartnomalar bekor qilinishini aytgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i aynan shu holatni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, lekin buni yetkazishda anglashilmovchilik yuzaga kelgan va, tabiiyki, xatoga yo‘l qo‘ygan. Vazirlik tomonidan paxta yetishtiruvchilarning shartnomasini bekor qilish, fermerlar hamda klasterlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha hududiy boshqarmalar va ularning rahbarlariga hech qanday topshiriqlar berilmagan”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Shu bilan birga, vazirlikning ta’kidlashicha, respublika bo‘yicha fermerlarning 90 foizdan ortig‘i shartnomalarni qayta rasmiylashtirib, yetishtirilgan paxtaning 1 kilogrammini subsidiyalar bilan birga 7800 so‘mdan topshirmoqda. Paxta xomashyosi hajmi haqidagi ma’lumotlar elektron tarozilar orqali qayd etiladi va Agroplatforma.uz platformasida aks ettiriladi.

Agar fermerlar o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga kelsa, vazirlik har bir holatni ko‘rib chiqishga, yechim va yordam berishga tayyor, deyiladi xabarda.

“Yetishtirilgan paxta xomashyosini topshirishdagi barcha muammoli holatlarda (shartnomalar yo‘qligi, fermerning o‘ziga ma’qul bo‘lmagan klasterga sotmaslik qarorida ekani, bugungi narxlarning ko‘tarilishini kutish istagida ekani va h.k.) terilgan xomashyoni paxta qabul qilish maskanlariga vaqtinchalik saqlash uchun topshirib, muammoli masallarni bosqichma-bosqich ishlab chiqaruvchilar bilan o‘zaro kelishgan holda bartaraf etishlari mumkinligini bildiramiz. Maqsad — terilgan paxta o‘z vaqtida qabul punktlarida to‘g‘ri saqlanishi va shaffof tarzda agproplatformada aks etishi lozim”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Payshanba kuni internetda Qashqadaryo viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘anisher Haydarovning paxta-to‘qimachilik klasterlariga yo‘llangan, “dislokatsiyadan tashqari, bir-birovlarining territoriyasiga kirmaslik” kerakligi ta’kidlangan audiomurojaati tarqalgan. “Ikkinchidan, har bir klaster eshitib olsin, bugundan boshlab hozir birjaga qo‘yilayotgan paxtani 6800 so‘mdan ortiq „urmang“. Kimda-kim 6 ming 800 so‘mdan ortiq „ursa“, o‘ziga ziyon, o‘zi to‘laydi. Shuni esdan chiqarmanglar. Shu uchun hamma bilib olsin: paxtaning xarid narxi 6800 so‘m. Birjada qo‘yilayotgani ham 6800 so‘m, yutib olsa ham 6800 so‘m bo‘lishi kerak”, — dedi u.

Prezident farmoniga ko‘ra, paxta-to‘qimachilik klasterlari 1-oktabrga qadar fermer xo‘jaliklari bilan kelasi yil hosili uchun paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalarini tuzishi shart. Qashqadaryo hokimi maslahatchisi klasterlarni ogohlantirdi: “Bu “normani 7000−8000 dan, 10 ming [so‘m]dan “urganlaringizda”, keyin o‘zgartirib bo‘lmaydi ekan… Qarorni bila turib, yana 6800 [so‘mga] tusharkan, desalaringiz, xato qilasizlar”, — dedi u.

“Gazeta.uz” avval yozganidek, fevral oyida hukumat fermer va klasterlar fyuchers shartnomalari tuzadigan 1 kg paxta uchun tavsiya etilgan minimal narxni 7800 so‘m deb e’lon qilgandi (ayrim hollarda 8500 so‘m). Vaholanki, jahon birjasida o‘sha paytdagi narxlar 1 kg uchun 6000 so‘mga yaqin edi. Biz narx qanday belgilanayotgani, shartnomalar shartlari fermerlar zarariga qanday qayta ko‘rib chiqilayotgani va ular nima sababdan norozi ekanini tushuntirgandik.