Prezidentning 24-sentabrdagi qarori bilan Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dastur quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

  • Toshkent shahri hamda har bir tumanining ekologik master-rejasini ishlab chiqish;
  • “Shahar — piyodalar uchun” shiori asosida jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishini ta’minlash;
  • Toshkent shahrining diqqatga sazovor ko‘chalarida avtotransport vositalaridan holi hududlarni tashkil etish;
  • mikroiqlim mo‘’tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
  • sanoat korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish va eskilarini almashtirish ishlarini tashkil etish;

Havoni monitoring qilishning zamonaviy tizimini tashkil etish

Dastur doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining boshqarmalarini kelasi yilning kuzida havo sifati darajasini aniqlash uchun 30 ta gazoanalizatorlar bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.

2025−2026-yillarda poytaxt uchun 25 ta fon monitoringi bo‘yicha avtomatlashtirilgan stansiya xarid qilinadi, ular to‘liq shahar hududini qamrab oladi.

Kelasi yozda Toshkent shahrida havo sifati va ob-havo haqidagi ma’lumotlarni tezkor aks ettirish uchun 20 ta joyga monitor va displeylar o‘rnatish reja qilinmoqda.

Kelgusi ikki yilda Toshkent shahri va viloyatining atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasiga mansub bo‘lgan korxonalarning sanitariya muhofaza zonalarida atmosfera havosi sifatini monitoring qilish uchun avtomatlashtirilgan stansiyalar o‘rnatiladi.

Toshkent viloyati va Toshkent shahrida atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning 1 va P toifasiga mansub bo‘lgan sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etiladi. Xususan, viloyatdagi 173 ta sanoat korxonasi hududi va tutash hududlarida 1,3 mln tup, poytaxtda esa 30 ta korxona atrofida 300 ming tup daraxt ko‘chati ekish belgilangan.

Noqulay meteorologik sharoit bo‘yicha tezkor gidrometeorologik axborot, (shtorm) ogohlantirish berilganda yirik korxona va tashkilotlarda ishlab chiqarish quvvatlarini 15−60 foizgacha vaqtincha pasaytirish yo‘lga qo‘yiladi (maxsus huquqiy rejimga ega va strategik obyektlar bundan mustasno).

Ko‘mir bilan ishlaydigan issiqxonalarda samaradorligi kamida 99,5 foiz bo‘lgan sertifikatlangan chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi.

Avtotransport vositalarining havoga ta’sirini kamaytirish

2025−2027-yillarda Yevro-4 standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni bosqichma-bosqich cheklash rejalashtirilmoqda. Bunga erishish uchun Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarida chuqur modernizatsiya ishlari olib borilib, Yevro-2 va Yevro-3 standartidagi yoqilg‘ilarni olib kirish taqiqlanadi. Faqat 2028-yildan boshlab past standartlardagi yoqilg‘idan (AI-80 benzini) foydalanishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Avvalroq AI-80 benzinini 2025-yildan boshlab ishlab chiqarishni taqiqlash rejalari haqida xabar berilgandi.

Toshkent shahridagi jamoat transporti 2025−2027-yillarda bosqichma-bosqich faqat elektr energiyasi va gaz yoqilg‘isiga o‘tkaziladi.

Jamoat transportining ustuvorligini ta’minlash 2025-yilga mo‘ljallanmoqda. Shu maqsadda, markaziy shaharlarda transport va piyodalar oqimlarining kesishish nuqtalari sonini kamaytirish, alohida avtobus yo‘llarini tashkil etish orqali tezkor avtobus yo‘nalishlari (VET) tizimini joriy etish, chorrahalarda avtobuslarning ustuvor harakatini ta’minlash maqsadida yo‘llarni rekonstruksiya qilish, yo‘lovchilar va yo‘nalishli taksilarning xavfsiz va to‘siqsiz harakatlanishini hisobga olgan holda bekatlarni rekonstruksiya qilish belgilangan.

Havo sifatini yaxshilash

Aholi zich joylashgan ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega obyektlarda mikroiqlim sharoitlarini yaxshilash, mo‘’tadil mikroiqlim, sifatli atmosfera havosini ta’minlash maqsadida sun’iy suv havzalari va ko‘llar tashkil etiladi. Buning uchun tadbirkorlik subyektlari va xususiy biznes vakillari jalb etish ko‘zda tutilgan.

2024−2026-yillarda Toshkent viloyatida “yashil belbog‘” yaratish uchun 441 gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Daraxt va butalarga ishlov berish bo‘yicha Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari malakasini oshiradi.

O‘z tashabbusiga ko‘ra daraxt va butalar ekish ishlarini amalga oshirgan yuridik va jismoniy shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.

Xuddi shu qarorga muvofiq, 2030-yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanishi xabar qilingandi.

Bundan tashqari, 2025-yil kuz-qish mavsumidan boshlab issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan mazutdan zaxira yoqilg‘i sifatida foydalanishga faqat Vazirlar Mahkamasining har yili ob-havo va texnologik sharoitlardan kelib chiqqan holda qabul qilinadigan qarori asosida ruxsat etiladi.

Toshkent shahri atrofidagi 1200 dan ortiq issiqxonada foydalanilayotgan ko‘mir yoqilg‘isining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida changni yig‘ish va gazni tozalash uskunalari o‘rnatiladi. Issiqxona xo‘jaliklariga bunday uskunani o‘rnatish uchun subsidiyalar ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ekologiya vazirligi joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahri va respublikaning boshqa hududlarida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi.