Nyu-York meri Erik Adams federal korrupsiya tergovi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin, deb yozadi The New York Times. Shahar tarixida birinchi marta amaldagi hokim jinoiy huquqbuzarliklar sodir etganlikda ayblanmoqda.

U aynan nimada ayblanayotgani noma’lum, chunki ayblov maxfiyligicha qolmoqda, deya ta’kidlaydi gazeta, ammo, shunisi ma’lumki, prokurorlar Adamsning 2021-yilda merlikka nomzod bo‘lgan vaqtdagi saylov kampaniyasini moliyalashtirish manbalarini tekshirmoqda.

Tergov, xususan, Adams va uning sheriklari Turkiya hukumati bilan saylov kampaniyasi uchun noqonuniy xayriyalar olishda til biriktirgani yoki yo‘qligi, xavfsizlikka oid xavotirlarga qaramay, mer Manhettendagi ko‘p qavatli Turkiya bosh konsulligi binosini egallashga ruxsat berishi uchun yong‘in xavfsizligi xodimlariga bosim o‘tkazgani yoki yo‘qligiga e’tibor qaratmoqda.

NYT manbalariga ko‘ra, prokurorlar Adamsning yana besh davlat — O‘zbekiston, Isroil, Xitoy, Qatar va Janubiy Koreya bilan aloqalari haqida ham ma’lumot so‘ragan. Nega tergovchilar bu davlatlar haqida ma’lumot so‘ragani va Adams ular bilan aloqada bo‘lgan yoki bo‘lmagani noma’lum, deb yozdi nashr.

Tergovchilar, shuningdek, Adamsning qisman Turkiya hukumatiga tegishli bo‘lgan Turkish Airlines aviakompaniyasidan bepul chiptalar va apgreydlar olgan bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.

25-sentabr kuni kechqurun e’lon qilingan videomurojaatida Adams unga qarshi har qanday ayblovlar “mutlaqo yolg‘on” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Nyu-York aholisi uchun “o‘z pozitsiyasida mustahkam turgan”i sababli tergovning “nishoni”ga aylangan.

“Bu adolatsizlikka qarshi bor kuchim va ruhim bilan kurashaman”, — dedi u va shaharni boshqarishda davom etishini aytdi.

  • 64 yoshli Erik Adams 2021-yilda Nyu-York meri etib saylangan va shaharning 110-meri, shuningdek, AQShning yirik shaharlarini boshqargan ikkinchi qora tanli bo‘lgan. Adams iste’fodagi politsiya kapitani bo‘lib, u shaharda jinoyatchilikni kamaytirish va shahar meriyasiga professionallik olib kelish va’dalari bilan kampaniya olib borgan.