26-sentabr kuni futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionati nimchorak finalining navbatdagi ikki o‘yini bo‘lib o‘tdi. Buxoroda Osiyo giganti hisoblangan Eron Afrika vakili Marokashni qabul qilgan bo‘lsa, Andijonda Portugaliya amaldagi jahon chempioni sifatida Qozog‘istonga qarshi maydonga chiqdi.

Buxorodagi o‘yin 4:3 hisobida marokashliklar g‘alabasi bilan tugadi — Marokash jahon chempionatlarida Eronni mag‘lub eta olgan Afrikaning ilk vakili bo‘ldi.

Andijondagi bahs esa haqiqiy dramaga aylandi. Qozoqlar o‘yinda birinchi bo‘lib hisobni ochdi. Portugaliya 2-taym boshida hisobni tenglashtirgan bo‘lsa-da, o‘yin tugashiga 14 soniya qolganida Dauren Tursagulov Qozog‘istonga 2:1 hisobida g‘alaba keltirgan gol muallifiga aylandi.

Chorak finalda Marokash Braziliyaga qarshi o‘ynaydi, Qozog‘iston esa Argentina — Xorvatiya uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga chiqadi. Marokashning o‘yini 29-sentabr kuni, Qozog‘istonniki esa 30-sentabrda bo‘lib o‘tadi.