Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA — O‘zbekistondagi kriptosiyosat regulyatori) Hamster Kombat o‘yini va uning HMSTR kriptoaktivlari bilan bog‘liq savollarga javob berdi. Xususan, ILMA o‘zbekistonliklar bunday o‘yinlarda listing jarayonidan o‘tgan kriptoaktivlarni qanday qilib qonuniy ravishda sotib olishi yoki sotishi mumkinligi, fuqarolar ushbu kriptoaktivlar bilan qanday va qayerda operatsiya qilishi mumkinligini tushuntirdi.

Spotʼning yozishicha, The Hamster Foundation mini-ilovasi ishlab chiquvchilari tomonidan chiqarilgan token 131 million o‘yinchi o‘rtasida taqsimlanadi. HMSTRning umumiy emissiyasi 100 milliard tokenni tashkil etadi, shundan 20-sentabr kuni yakunlangan birinchi mavsum natijalariga ko‘ra o‘yinchilarga 60 milliard tokenlar tarqatiladi. Hamster Kombat listingi (tokenni birja ro‘yxatiga kiritish) haqida allaqachon Binance, OKX, Bybit, Bitget va yana bir nechta ikkinchi eshelon kriptosavdo platformalari e’lon qildi. Ularning aksariyati pre-market platformalarida HMSTR dastlabki savdolarini allaqachon boshlagan.

Coinmarketcap portali ma’lumotlariga ko‘ra, token #32195 raqamli yagona kripto-aktiv identifikatorini (UCID) oldi. 26-sentabr kuni u Binance kriptobirjasida muomalaga kiradi.

“Qabul qilingan HMSTR tokenlarini faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali, agar ular kripto-birja kotirovka ro‘yxatiga yoki kripto-do‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lsa, xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi”, — deyiladi ILMA xabarida.

Agentlik ushbu turdagi tokenlar juda o‘zgaruvchan bo‘lib, aksariyat hollarda foydali funksionalligi yo‘qligi sababli ro‘yxatga kiritilgandan so‘ng qisqa vaqt ichida qadrsizlanishini takidlagan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda kriptoaktivning turi yoki nomidan qat’i nazar, kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari qonunchilik darajasida belgilangan.

Agentlik tomonidan fuqarolar hushyor bo‘lishga va loyiha bo‘yicha norasmiy axborot manbalari orqali olingan ma’lumotlarga ishonmaslikka, shuningdek, firibgarlik sxemalari qurboniga aylanmaslik uchun ushbu tokenlarni sotib olish/sotish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qilayotgan shaxslarga ishonmaslikka chaqirildi.

Iyun oyida O‘zbekistonda bir oy ichida kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qoidabuzarliklar uchun kamida 12 kishi javobgarlikka tortilgani haqida xabar bergan edik. Ular, asosan, mamlakatda litsenziyasi bo‘lmagan Binance birjasi orqali kriptovalyuta savdo qilgani uchun jazolangan. Iyun oyida Toshkentdagi sud Notcoin sotgan Termiz davlat universiteti talabasiga 10 sutka qamoq jazosi tayinlangan edi. Uning Galaxy A30 telefoni va bank kartasini yo‘q qilingan. “Gazeta.uz” talaba bilan intervyu ham uyushtirgandi.

Hamster Kombat — bu foydalanuvchilarga kriptobirja direktori rolini sinab ko‘rish va “tap”lar, tangalar to‘plash, passiv daromad olish, o‘z daromad strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, yangi o‘yinchilarni jalb qilish orqali tokenlarni ishlab olishni taklif qiladigan ilovadir. The Bell nashrining o‘yin ishlab chiquvchilari bilan tanish bo‘lgan manbalarining xabar berishicha, kliker asoschilaridan biri rossiyalik IT-tadbirkor Eduard Gurinovichdir. Ta’kidlanishicha, Hamster Kombat “aylanmasi” kuniga bir necha million dollarga yetadi va pul reklama beruvchilardan tushadi.