Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda o‘quvchini urgan sinov muddatidagi o‘qituvchiga jazo chorasi ko‘rildi, faqat boshqa huquqbuzarligi uchun. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

2024-yilning 24-sentabr kuni 44 yoshli ayol (o‘sha o‘qituvchi ayol) 14 yoshli qizi o‘qiydigan Yashnobod tumanidagi 204-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib qolgan va maktab direktorining MMIB o‘rinbosariga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan.

Ayoldan jamoat joyida tartibga rioya qilishi so‘ralganida, maktab hududida Milliy gvardiya va IIO xodimlariga nisbatan g‘ayriijtimoiy munosabatda bo‘lib, ularining qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik ko‘rsatgan. Ushbu noqonuniy harakatlarini ayol ko‘plab maktab o‘quvchilari ko‘z o‘ngida sodir etgan, deyiladi xabarda.

25-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Ayol sud tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 194-moddasining 1-qismi (Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik) va 197−5-moddasi (Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) bilan aybdor deb topilib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari (1 020 000 so‘m) va BHMning 7 baravari (2 380 000) so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Ombudsman xabarida ayolning Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabda 6-sinf o‘quvchisiga nisbatan sodir etgan harakati hozirda tergovga qadar tekshiruvda.

“️Pedagog va tarbiyachilar tegishli vazifa yoki lavozimga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak. Nomunosib xulqli, bola sog‘lig‘i uchun xavfli shaxslar ta’lim-tarbiya muassasalarida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 23-sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda sinov muddatida bo‘lgan rus tili fani o‘qituvchisi birinchi ish kunida 6-sinf o‘quvchisini unga gap qaytargani uchun urdi. Bolaning ota-onasi holat bo‘yicha huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham bu ishni qoraladi. “Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, nomunosib muomalaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda ham qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart”, — dedi u.