Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda sinov muddatida bo‘lgan rus tili fani o‘qituvchisi ishining birinchi kunidayoq 6-sinf o‘quvchisini kaltaklagan voqeaga munosabat bildirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalist bergan savolga javob berar ekan, departament bu masalani diqqat bilan kuzatib borayotganini aytdi.

“Video mazmuni bolaga nisbatan o‘ta xavotir va hamdardlik uyg‘otmasligi mumkin emas. Biz O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish so‘radik. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, — dedi u.

“Izchil chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, ko‘p asrlik aloqalarimizda rus tilining qo‘llanilishining foydali ta’sirini jamoatchilikka eslatish, madaniy-ma’rifiy, ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘zaro boyitish kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Mariya Zaxarova.

U, shuningdek, “OAVdagi materiallarga huquqiy baho berish va agar asosli bo‘lsa, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan zudlik bilan chora ko‘rishni so‘radi”.

Avvalroq, holat bo‘yicha huquq-tartibot idoralari voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borayotgani xabar qilingandi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham bu ishni qoraladi. “Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, nomunosib muomalaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda ham qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart”, — dedi u.

Shuningdek, Milliy tiklanish demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov tarbiyachi va o‘qituvchilarning malaka darajasi va psixologik holati tezkor, jiddiy va shaffof tahlil qilinishi kerakligi haqida Telegram’dagi kanalida post yozdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rangli statistika va jarangdor xorijiy tajribalardan olingan xulosalar bilan jamoatchilikni ovutish yo‘lidan voz kechib, allaqachon kelajakka tuzatib bo‘lmas zarar berayotgan tarbiyachi va o‘qituvchilarni tanlash, samarali ishlash uchun sharoit va faoliyatni to‘g‘ri baholash masalalarida „baqirib yotgan“ muammolarni ko‘rishi va yechim berishi kerak”, deya ta’kidladi deputat.

“Gazeta.uz” avvalroq internetda vaziyat aks etgan video haqida yozib, unda o‘zaro kelishmovchilikdan so‘ng o‘qituvchi bolaning qulog‘idan tortib, uni qo‘pol ravishda doska tomon itarib yuborgani, qolaversa, bolaning yuziga urib, tomog‘idan ushlab olgani haqida xabar qilgandi.

Yozuvda (videodagi ovoz sifati past bo‘lgani uchun gaplar aniq eshitilmagan) o‘qituvchining “O‘zbek yoki rus tilidami? Qo‘lingni tushir… Tarbiyasiz. Tushundingmi? Qo‘lingni tushir… Ustoz bilan to‘g‘ri gaplash… Tarbiyasiz, eshak…” degan gaplarini eshitish mumkin.

Undan so‘ng bolaning onasi Facebook`da post e’lon qilib, unda ustoz bilan bo‘lgan mojaro bola o‘qituvchidan darsni o‘zbek tilida emas, rus tilida o‘qitishni so‘ragani sababli yuzaga kelganini aytdi. Keyinroq post o‘chirib tashlandi.