Alisher Qurbonov Surxondaryo viloyati Muzrabot tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

25-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Muzrabot tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Muzrabot tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Abdurashid Ismailov (2023-yil yanvarida tayinlangan) boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganini bildirib, Alisher Qurbonov nomzodini taklif qildi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Alisher Qurbonov 1973-yilda Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 1995-yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini, 2005-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — iqtisodchi-tashkilotchi, yurisprudensiya.

Faoliyati davomida ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda hamda xususiy sektorda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar Qurbonov “Amirqulbobo KAA” fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Shu kuni Surxondaryoning Sho‘rchi tumaniga, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlariga ham yangi hokimlar tayinlangandi.