Yangi Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmua jahonga mashhur Zaha Hadid Architects kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Bu haqda 26-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdimotda so‘z yuritildi.

“Bo‘lajak majmua o‘ziga xos dizayni va funksionalligi bilan diqqatga sazovor. Unda estetika va qulaylik mohirona birlashtirilib, atrof-muhit bilan uyg‘unlik hosil qiladi”, — deb yozdi davlat rahbari matbuot xizmati.

yangi toshkent, zaha hadid architects

“Shu jihatlari bilan majmua kelgusida xalqaro turizm maskanlaridan biriga aylanadi”, — deyiladi xabarda.

Aprel oyi boshida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi ilk obyektlar: “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘zida jamlagan “ma'naviyat majmuasi” qurilishiga start bergandi.

“Yangi shahar qurilishi ilm-fan, ma’naviyat maskanlaridan boshlanayotgani bejiz emas. Bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, — degandi u o‘shanda.

Zaha Hadid Architects kompaniyasi taniqli arxitektor Zaha Hadid tomonidan 1979-yilda asos solingan, bosh qarorgohi Londonda joylashgan. Kompaniya deyarli 45 mamlakatda 1000 ga yaqin loyihani amalga oshirgan. Eng mashhur loyihalar qatoriga Bokudagi Haydar Aliyev markazi, Rimdagi XXI asr san’ati milliy muzeyi (MAXXI), 2012-yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun London suv sporti markazi, Sinsinnatidagi Rozental zamonaviy san’at markazi, Guanchjou opera teatri va boshqalar kiradi. 2016-yilda Zaha Hadid vafot etganidan beri byuroni uning sherigi Patrik Shumaxer boshqarib kelmoqda.

Taqdimotda poytaxt hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov prezidentga Chirchiq daryosi sohilining “eski” va Yangi Toshkent oralig‘idagi qariyb 6 kilometrlik qismida dam olish hududi tashkil etish loyihasini taqdim etdi.

“O‘zbekiston 24” kanali ko‘rsatuvi kadri.“O‘zbekiston 24” kanali ko‘rsatuvi kadri.

“Yangi Toshkent uchun yana bir salohiyatli go‘sha” bo‘lgan Chirchiq qirg‘og‘i obodonlashtiriladi va ko‘kalamzorlashtiriladi, mehmonxonalar, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.