25-sentabr kuni YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) O‘zbekistonda 27-oktabrga belgilangan parlament saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasini boshladi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.

Missiyaga Duglas Veyk boshchilik qiladi. Uning tarkibiga Toshkentda joylashgan 14 nafar xalqaro ekspertdan iborat asosiy guruh va 2-oktabrdan butun mamlakat bo‘ylab joylashtiriladigan 26 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar kiradi. Shuningdek, saylov kunidan bir necha kun oldin 300 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilar ham keladi.

“Missiya saylovlarning YXHT va boshqa xalqaro majburiyatlarga va demokratik saylovlar standartlariga, shuningdek, milliy qonunchilikka muvofiqligini baholaydi”, — deyiladi xabarda.

“Kuzatuvchilar saylovning barcha jabhalari, jumladan, saylovdan oldingi va keyingi voqealarni diqqat bilan kuzatib boradi. Aynan huquqiy bazani hayotga tadbiq etish, saylovoldi tashviqotning ijtimoiy tarmoqlarda yoritib berilishi, barcha darajadagi saylov boshqaruvi organlarining faoliyati, saylovdagi nizolarni hal etish va ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalariga alohida e’tibor beriladi”, — deya ta’kidladi DIIHB.

Missiya saylovning ertasiga dastlabki xulosalarni taqdim etadi. Yakuniy hisobot bir necha oy ichida e’lon qilinadi.