Yaqinda Senat tomonidan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning tasdiqlanishi O‘zbekistonning eng yosh va zaif fuqarolarini himoya qilishga sodiqligini tasdiqlaydi. Biroq, har qanday qonunda bo‘lgani kabi, uning kuchi nafaqat qabul qilinishida, balki amalga oshirilishidadir, deb yozadi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Bolalarni himoya qilish bo‘limi rahbari Antoniya Lyudeke o‘z maqolasida. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha vazirliklar global konferensiyasi arafasida O‘zbekiston qonunga mos keladigan va uni amalga oshirishni tezlashtiradigan milliy majburiyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin.

Dunyo bo‘ylab bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish borasida jadal harakatlar kuzatilmoqda. 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga olti yil qolganida hukumatlar, fuqarolik jamiyati, BMT agentliklari, ilmiy doiralar va xususiy sektor zo‘ravonlikka qarshi qaratilgan global maqsadlarga erishish uchun milliy harakatlarni kuchaytirmoqda. Bir qator tadbirlar, jumladan, shu yilning noyabr oyida Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha global darajadagi vazirliklar konferensiyasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish va Barqaror rivojlanish maqsadi 16.2 sari olg‘a siljishni tezlashtirish uchun aniq choralar ko‘rish majburiyatini tasdiqlovchi mamlakatlar uchun muhim voqea bo‘ladi.

Garchi ko‘pchilik davlatlar bolalarni himoya qilishga doir moddalar va zo‘ravonlikka qaratilgan bir qancha qoidalar mavjud bo‘lgan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan bo‘lsalar ham, bu muammo global darajada hali ham yechim talab qiladigan masala bo‘lib qolmoqda. Zo‘ravonlik uylarda, maktablarda, jamoalarda va so‘nggi vaqtda Internetda ham, afsuski, bolalar ishonadigan odamlar tomonidan turli shakllarda sodir etilmoqda.

Bu holat bolalarga nisbatan jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlik ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda. Biroq bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ko‘pincha shaxsiy oilaviy muammo deb noto‘g‘ri talqin qilinadi. Bu cheklangan tushuncha ko‘plab hamjamiyatlarni himoya choralarini e’tiborsiz qoldirishga, ularni oilaviy avtonomiya yoki madaniy me’yorlarni buzadi deb o‘ylashga olib keladi.

Zo‘ravonlik o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ko‘plab omillar, jumladan chuqur singib ketgan ijtimoiy va gender me’yorlari hamda kuchlar muvozanatining buzilishi bilan bog‘liq murakkab muammodir. Shuning uchun global harakatga chaqiruv xalqaro hamjamiyat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha izchil, ko‘p tomonlama yondashuvga sodiqligini anglatishi juda muhimdir. Biroq, global harakatlar mamlakatlarning sa’y-harakatlariga asoslangan bo‘lsaginamuvaffaqiyatli bo‘ladi. O‘zbekiston siyosiy iroda ko‘rsatgani va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha islohotlarni amalga oshirayotgani tahsinga loyiqdir. Oliy Majlis Senati tomonidan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning ma’qullangani bu boradagi muhim voqea bo‘ldi. Bolalar huquqlarini himoya qilishdagi ushbu muhim qadam O‘zbekistonning eng yosh va himoyaga muhtoj fuqarolarini himoya qilishga intilishidan dalolat beradi. Bu qonun O‘zbekistondagi har bir bolaning zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va zo‘ravonlikdan holi kelajagi uchun poydevor yaratadi. Ammo, har qanday qonun singari, uning kuchi nafaqat qabul qilinishida, balki amalga oshirilishida hamdir.

Majburiyat: Qonunchilikdan amaliy harakatlarga o‘tish

Global darajadagi vazirliklar konferensiyasi oldidan davlatlar 2024-yil 25-oktabrgacha majburiyatlarini taqdim etishga da’vat qilingan. O‘zbekiston ushbu global imkoniyatdan foydalanib, qonunga muvofiq keladigan va uni amalga oshirishni tezlashtiradigan milliy majburiyatni olishi mumkin. Salmoqli majburiyat global harakatlar uchun belgilangan, hal qiluvchi uchta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olishi mumkin:

  1. Ota-onalar va vasiylarni qo‘llab-quvvatlash: O‘zbekiston mehr bilan pravarishni rag‘batlantirgan holda, zo‘ravonlik va mensimaslikning oldini oladigan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlariga ega bo‘lishni ta’minlash majburiyatini olishi mumkin. Bu butun mamlakat bo‘ylab ota-onalar va vasiylar bolalarni xavfsiz va mehrli muhitda tarbiyalash uchun zarur bo‘lgan bilim va resurslarga ega bo‘lishini ta’minlashga yordam beradi.
  2. Xavfsiz va qo‘llab-quvvatlovchi maktab muhiti: O‘zbekiston 2025-yilgacha ijobiy intizom va bullingga qarshi qaratilgag dasturlarni o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha dasturlarga integratsiya qilish majburiyatini olishi mumkin. Bu nafaqat bolalarni maktablardagi zo‘ravonlikdan himoya qiladi, balki bolalar o‘zlarini xavfsiz va qo‘llab-quvvatlovchi muhitda ekanliklarini his qiladigan ta’lim muhitini yaratadi.
  3. Javob berish va qo‘llab-quvvatlash xizmatlari: O‘zbekiston har bir tumanda zo‘ravonlik qurbonlariga bolalarga yo‘naltirilgan va gender jihatlari e’tiborga olingan xizmatlarko‘rsatadigan ko‘p tarmoqli guruhlarni tashkil etish majburiyatini olishi mumkin.Sog‘liqni saqlash, adolatli sudlov va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xizmatlari shular jumlasiga kiradi. Ushbu majburiyat barcha bolalarning tiklanishi va farovonligi uchun zarur bo‘lgan parvarishdan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.

Bu majburiyatlar nafaqat O‘zbekistonning jahon miqyosida yetakchiligini namoyish etadi, balki qonunni bolalarning haqiqiy himoyasiga aylantirishning aniq yo‘l xaritasini ham taqdim etadi.

Harakatga shaxsiy chaqiruv: Nega bu men uchun muhim

Bolalarni himoya qilish sohasida yillar davomida ishlar ekanman, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning halokatli oqibatlarini ham, samarali choralarning o‘zgartiruvchi kuchini ham ko‘rdim. Men har bir bola, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, xavfsiz va u uchun qulay bo‘lgan muhitda o‘sish huquqiga loyiq deb hisoblayman.

Mazkur sohada ishlash menga qonunlar to‘g‘ri qo‘llanilsa, ular son-sanoqsiz bolalarga umid va xavfsizlik olib kelishi mumkinligini o‘rgatdi. Ushbu qonunning qabul qilinishi oldinga qo‘yilgan muhim qadam bo‘lib, uning to‘liq hayotga tatbiq etilishidan men o‘zimni ham shaxsiy, ham professional nuqtai nazardan manfaatdor deb his qilaman. Bu menga O‘zbekistondagi bolalarning zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabatdan qo‘rqmasdan yashash imkoniyati yanada ko‘p bo‘lishiga umid baxsh etadi.

Harakatga chaqiruv: Bolalarimiz kelajagini himoya qilish

O‘zbekistonning bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish majburiyati ma’naviy farzdir. Qonun bizga bolalarni himoya qilish uchun zarur vositalarni berdi, ammo ulardan samarali foydalanish o‘zimizga bog‘liq. Bu qonun butun mamlakat bo‘ylab amalga oshirilishi va har bir bola, qayerda yashashidan qat’i nazar, zo‘ravonlikdan himoyalanishini ta’minlash uchun biz hozirdanoq zudlik va qat’iyat bilan harakat qilishimiz zarur.

Bo‘lajak vazirlar xalqaro konferensiyasi O‘zbekistonning milliy majburiyatini yana bir bor ta’kidlash uchun ideal imkoniyatdir. O‘zbekiston ushbu dadil majburiyati bilan boshqa mamlakatlarni undan o‘rnak olishga ilhomlantirishi, birgalikda dunyoni barcha bolalar uchun xavfsiz joyga aylantirishimizga ishontirishi mumkin.