O‘zbekistonda davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 23-sentabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

Hujjat bilan konsepsiya loyihasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibi tasdiqlanadi. Unga bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchilik qiladi. Guruh tarkibiga uning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov va boshqa vazirlik va idoralar o‘rinbosarlari ham kiradi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari jalb etiladi.

pensiya yoshi

Ishchi guruh amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni tahlil qilib, uning barqarorligini ta’minlash va ilg‘or xorijiy tajriba asosida ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlaydi.

2025-yil 1-martga qadar pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqib, Prezident administratsiyasiga taqdim etish topshirildi.

Bunda ishchi guruh konsepsiya loyihasi bo‘yicha tayyorlanayotgan takliflar mohiyatini OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritishi, shuningdek, so‘rovnomalar o‘tkazishi lozim.

2023-yil aprel oyida Jahon banki “O‘zbekistonda inson kapitali va suv xo‘jaligi infratuzilmasiga davlat xarajatlari samaradorligini oshirish” hisobotida mamlakatga pensiya yoshini oshirishni taklif qilgan edi.

Hisobotda ta’kidlashicha, qaror qabul qilingan paytdan boshlab uni amalga oshirish boshlangunga qadar pensiya yoshidagi xodimlarga o‘z hayot rejalarini o‘zgartirishlari uchun moslashish uchun vaqt berish maqsadga muvofiqdir.

“2021−2030-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy himoya milliy strategiyasi doirasida 2025-yildan boshlab pensiya yoshini 65 yoshgacha bosqichma-bosqich (yiliga 3−4 oy) oshirishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilish eng maqbul variant bo‘lardi. Kelgusida bu demografik o‘zgarishlar bosimini kamaytirgan holda mehnatga layoqatlilik va pensiya yoshi o‘rtasidagi chegarani bosqichma-bosqich siljitishga imkon beradi. Mamlakat uchun buni ishchi kuchining demografik o‘sish salohiyati tugamaguncha (2040-yillarning o‘rtalari) amalga oshirishga ulgurish juda muhim, chunki bu allaqachon milliy raqobatbardoshlik masalasidir”, — deya ta’kidladi Jahon banki.

pensiya yoshipensiya yoshi

Qayd etilishicha, qo‘shni davlatlarda tug‘ilish va pensiya yoshi ko‘rsatkichlari ancha yuqori bo‘lib, bu ularga “ba’zi afzalliklar beradi”. Uzoq muddatli istiqbolda pensiya yoshini oshirish pensiya tizimi va davlat moliyasining moliyaviy barqarorligini ta’minlashga yordam beradi, deya ta’kidladi Jahon banki.

2024-yilning iyul oyida Strategik islohotlar agentligi norasmiy bandlik yuqoriligi sababli O‘zbekistonda pensiya tizimi qamrovi atigi 38 foizni tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Boshqa mamlakatlarga nisbatan badallar yuqori darajada (12−25 foiz) bo‘lsa, to‘lovlar o‘rtacha darajada bo‘ladi. O‘shanda agentlik mamlakat pensiya tizimini adekvat qilish yo‘llarini o‘rgangan edi.