O‘zbekistonda 2024-yilning may oyidan 20-sentabriga qadar 19 ming nafar fuqaroga protez va reabilitatsiya texnik vositalari uchun 32,5 mlrd so‘m subsidiya ajratildi. Bu haqda 23-sentabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari ishtirokida AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Agentlik bosh mutaxassisi Ilhom Muhiddinovning qayd etishicha, prezidentning 2024-yil 27-fevraldagi tegishli qarori qabul qilingach, nogironligi bo‘lgan va nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslar tegishli protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan bepul ta’minlanmoqda. Hozirda protez va reabilitatsiya vositalari elektron vaucherlar orqali berilmoqda.

ijtimoiy himoya milliy agentligi, ijtimoiy himoya yagona реестри, protez-ortopediya moslamalari, protezлар

Foto: Videodan kadr

“Oldin mahsulotga ehtiyoji bor fuqaroga faqat qog‘oz, ya’ni sertifikat berilardi. U qayerga murojaat qilishini bilmasdi yoki o‘ziga kerakli mahsulotni olishi cho‘zilib ketardi, tadbirkorlar bilan munosabatlarda ham juda qiynalardi. 2024-yilda agentlikning yagona milliy axborot tizimi ishlab chiqilib, unga asosan, elektron vaucherlar shakllantirish tizimi tashkil qilindi. Ya’ni tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyalari nogironlikni belgilayotgan vaqtida fuqaroning qaysi mahsulotga muhtojligini ham qayd etadi. Pensiya yoshidagi shaxslarga esa qanday mahsulot kerakligini tibbiy maslahat komissiyalari (TMEK) belgilaydi. Ularning xulosalariga asosan, elektron vaucherlar shakllantirilmoqda. Vaucherda har bir mahsulotga ajratilgan davlat subsidiyasi miqdori, ya’ni mablag‘i ko‘rsatilgan bo‘ladi. So‘ng fuqaroning doimiy ravishda ishlatadigan shaxsiy telefon raqamiga elektron vaucher yuborilmoqda”, — dedi Muhiddinov.

Uning ta’kidlashicha, fuqaro uyidan yoki istagan joyidan turib, protez-ortopediya moslamalarini agentlikning yagona milliy axborot tizimida tashkil etilgan platforma orqali buyurtma berishi mumkin. Reabilitatsiya vositalarini esa elektron savdo maydonchalari, xususan, Uzum market orqali buyurtma qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. “Agar fuqarolar mahsulot buyurtma qilishda qandaydir tushunmovchiliklarga duch kelsa, yashash mahallasidagi ijtimoiy xodimga yoki o‘z tumani (shahri)dagi „Inson“ markaziga murojaat qilsa, u yerdagi operatorlar albatta, yordam ko‘rsatadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ilhom Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan va nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslarga beriladigan mahsulotlar turi 18 tadan 30 taga ko‘paytirildi.

“Masalan, muhtoj shaxslar Ozarbayjonda 57 turdagi, Rossiyada 64 turdagi, Belarusda 59 turdagi va Qozog‘istonda 60 turdagi vositalar bilan ta’minlanadi. Bizda esa avval 18 ta edi, hozirda 30 tagacha kengaytirildi. Kelgusida buni yanada kengaytirish rejalashtirilgan. 30 turdagi mahsulotlar ichiga elektr yuritmali kreslo-aravacha, ovozli termometr va tonometr, brayl alifbosi, velo kreslo-aravacha, yurish moslamasi (rollator), to‘rt oyoqli hassa, ko‘z protezi kabi kerakli vositalar qo‘shildi, chunki aynan shularga ehtiyoj juda katta edi”, — dedi agentlik rasmiysi.

Unga ko‘ra, vositalarning barchasi fuqarolarga bepul berilmoqda — buning uchun davlat budjetidan subsidiya ajratilyapti. “Misol uchun, oldin bitta son protezi uchun 2−3 mln so‘m ajratilgan. Bugungi kunga kelib esa ajratiladigan mablag‘ miqdorini 15 mln so‘mdan 31 mln so‘mgacha oshirdik. Rivojlangan davlatlarda protez moslamalari qanday berilayotgan bo‘lsa, bizda ham huddi shunday taqdim etish tizimi yo‘lga qo‘yildi”, — dedi u.

Ilhom Muhiddinovning “Gazeta.uz” muxbiriga aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 90 ga yaqin protez va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subektlari faoliyat yuritmoqda. Ular agentlikning yagona milliy axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgan va 500 ga yaqin mahsulotini platformaga joylashtirgan. Fuqarolar o‘ziga ma’qul kelgan vositalarni tanlab, xarid qilmoqda.

“2024-yilning may oyidan 20-sentabrigacha 45 mingga yaqin elektron vaucher shakllantirildi. Shundan, 19 ming fuqaro o‘z vaucheridan foydalanib, kerakli mahsulotini qo‘liga oldi. Bu mahsulotlar uchun esa 32,5 mlrd so‘m mablag‘ tadbirkorlarga o‘tkazib berildi. Qolgan vaucherlar bo‘yicha mahsulotlar yetkazib berish jarayoni ketmoqda. Bizda bu raqamlar har kuni o‘zgarib, o‘sib boryapti”, — dedi Muhiddinov.

Uning qayd etishicha, protez va reabilitatsiya vositalarini olgan hamda boshqa nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Fuqaro tegishli mahsulotni olganidan so‘ng uning bandligini ta’minlash, ta’lim, kasb va sportga yo‘naltirish orqali jamiyatning faol a’zosiga aylanishida ko‘maklashish ham asosiy maqsadimiz hisoblanadi”, — deya qo‘shimcha qildi agentlik vakili.