25-sentabr kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda (METH) olib borilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, vazirlik tizimida bugungi kunda 24 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyat yuritadi. Xususan, ulardan 12 tasi milliy tabiat bog‘i, 7 tasi davlat qo‘riqxonasi, 1 tasi davlat biosfera qo‘riqxonasi, 2 tasi davlat buyurtma qo‘riqxonasi, 1 tasi biosfera rezervati, 1 tasi pitomnikdan iborat bo‘lib, umumiy yer maydoni 5,8 mln gektarni tashkil etadi.

Yig‘ilishda ekologiya vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov ayrim tabiat bog‘larining zonalarga ajratish ishlari yakuniga yetkazilmagani, yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, o‘simlik dunyosiga doir kadastr kitoblari umuman shakllantirilmagani hamda kadastr kitobi uchun hayvonot dunyosi turlari ro‘yxati yaratilmaganini tanqid qildi.

Bundan tashqari, malaka talablariga javob bermaydigan o‘rta ma’lumotli xodimlar qo‘riqlash xodimi sifatida ishga qabul qilingan, mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgan.

ekologiya vaзирлиги, qo‘riqxonaлар

Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani, ishni lozim darajada tashkil etmagani uchun Nurota davlat qo‘riqxonasi, “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i, “Sudoche-Akpetki” buyurtma qo‘riqxonasi va Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi rahbarlari lavozimidan ozod etildi.

Nurota davlat qo‘riqxonasi xodimlar bo‘yicha inspektori va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i Ilmiy ishlar va ekologik ta’lim bo‘yicha direktor o‘rinbosariga “hayfsan” intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Qolaversa, Bobotog‘, Orolqum, Omonqo‘ton, Zarafshon, Markaziy Qizilqum va Orolbo‘yi milliy tabiat bog‘lari rahbarlariga o‘z faoliyatida keskin o‘zgarish qilish sharti bilan 3 oy sinov muddati berildi.

Yig‘ilishda METHda qo‘riqlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va monitoring yuritilishi samaradorligini oshirish, brakonerlikka qarshi kurashish, chorva mollarining noqonuniy boqilishini va mahalliy aholi tomonidan qo‘riqxona yerlarining o‘zlashtirilishini oldini olish hamda ekoturizmni rivojlantirishga belgilangan tartibda sharoit yaratish asosiy vazifa bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Shu bilan birga, yil yakuniga qadar:

  • METH maydonlarini 14,2 foizgacha kengaytirish
  • 23,8 ming gektardan iborat “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘ini tashkil etish
  • “Pop” milliy tabiat bog‘ini 35 ming gektarga kengaytirish
  • tuman va shaharlarda tabiat muzeylarini tashkil qilishni nazarda tutuvchi dastur ishlab chiqish
  • davlat qo‘riqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomniklar, o‘rmon xo‘jaliklari hududiga kirish uchun to‘lov undirish miqdori, tartibini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.