O‘zbekistonda Ai-80 rusumli benzindan foydalanishni taqiqlash sanasi qoldirildi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 24-sentabrdagi chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va havo sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroridan kelib chiqadi.

Qaror bilan tasdiqlangan Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, 2028-yildan boshlab ekologik toifasi “Yevro-4” standartidan past bo‘lgan avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi. Yanvar oyi oxirida prezident bosh vazirga 2025-yildan boshlab Ai-80 dan (“Yevro-2” standarti) to‘liq voz kechish masalasini hal qilishni topshirgandi.

“Gazeta.uz” rejalar o‘zgargani haqida bir kun avval yozgan edi. Yangi qaror bilan 2025−2027-yillarda “Yevro-4”dan past standartdagi yoqilg‘ini sotishni bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bunga erishish uchun Ai-80 ishlab chiqaruvchi Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarida chuqur modernizatsiya amalga oshiriladi, “Yevro-2” va “Yevro-3” standartidagi yoqilg‘ilarni olib kirish taqiqlanadi.

“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga modernizatsiya qilish vaqt talab etishini tasdiqladi.

“Buxoro neftni qayta ishlash zavodida „Yevro-4“ va undan yuqori benzinga o‘tish uchun vaqt kerak. Yil oxirigacha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi va shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Loyihani to‘liq yakunlash uchun 30−32 oy vaqt ketadi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

“Shu bilan birga, 2025-yildan boshlab Ai-92 benzinini ishlab chiqarish har oy oshib boradi. Ai-92 benzini ishlab chiqarishga to‘liq o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi”, — ta’kidladi “O‘zbekneftgaz”.

Bugungi kunda dunyoda Ai-80 yoqilg‘isi faqat O‘zbekiston va Afg‘onistonda ishlab chiqariladi.

Yanvar oyi boshida Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga Ai-92 va undan yuqori turdagi benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali 2026-yil oxirigacha Ai-80 benzinidan voz kechish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, yuqori oktanli benzin markalariga aksiz solig‘i stavkalarini kamaytirish taklif qilingan.

Ai-80 benzini tarkibida oltingugurt ulushi 0,5% dan oshmasligi kerak, “Yevro-5” standartida esa bu ko‘rsatkich 500 baravar kam — 0,001%. “Yevro-2”da benzolning ulushi 5% dan, “Yevro-5”da esa 1% dan oshmasligi kerak. “Yevro-5”da yonish paytida aromatik moddalarning ulushi 35% dan, olefin uglevodorodlarining ulushi esa 18% dan oshmasligi kerak. “Yevro-2”da bunday talab yo‘q.

Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarini “Yevro-5” va “Yevro-6” benzinlari ishlab chiqarishga o‘tkazish bo‘yicha dasturlar bir necha yilga cho‘zilib ketgan energiya tariflarining oshishi tufayli kechiktirilgan holda amalga oshiriladi, deya ta’kidladi Energetika vazirligi.

Dastlab BNQIZni modernizatsiya qilish va “Yevro-5” standartiga o‘tish 2025-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan edi. Bu yerda izomerizatsiya qurilmalari quriladi. FNQIZni modernizatsiya qilish 2025-yilda yakunlanishi va gidrokreking jarayonini boshlash rejalashtirilgan.

Energetika va Ekologiya vazirliklari taklif etgan benzinga bo‘lgan talabni kamaytirish chora-tadbirlari qatorida elektromobillarni ommalashtirish va ular uchun infratuzilmani yaratish, jamoat transportini rivojlantirish va boshqalar mavjud.