O‘zbekiston Basketbol federatsiyasida 489 million so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, federatsiya ishlar boshqaruvchisi S.I. ijrochi direktori Yu.S. bilan o‘zining onasi va ukasi nomiga S.A.G. kompaniyasini tashkil qilgan. Sportchilar sog‘lig‘ini monitoring qilishga mo‘ljallangan, aslida yetkazib berilmagan 2 dona maxsus uskuna uchun federatsiyadan 197 mln so‘m mablag‘ni jamiyat hisobiga o‘tkazib, talon-toroj qilgan.

Federatsiyaning birinchi vitse-prezidenti X.G. esa tashkilotga tegishli korporativ plastik kartadan noqonuniy ravishda shaxsiy ehtiyojlari uchun 162 mln so‘m mablag‘ni yechib olib, o‘zlashtirgan.

Bundan tashqari, yuqoridagi mansabdorlar federatsiyaga guyoki homiylarni jalb qilish xizmatlarini ko‘rsatish haqida soxta shartnoma rasmiylashtirib, federatsiyaning 130 mln so‘m mablag‘ini o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan va sud hukmi bilan aybdorlarga tegishli jazo choralari qo‘llanilgan, deyiladi xabarda.

Avvalroq Suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari tomonidan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgandi.