Qirg‘izistonda O‘zbekistondan sement importiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish taklif qilindi. Deputat Alisher Kozuyev 24-sentabr kuni Jogorku Keneshning yonilg‘i-energetika kompleksi qo‘mitasi yig‘ilishida shunday tashabbus bilan chiqdi, deb yozdi Kaktus Media.

Choro Seyitov.Choro Seyitov.

1-oktabrdan Qirg‘iziston 6 oy muddatga sement importiga vaqtinchalik taqiq o‘rnatishni rejalashtirgan edi. Iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Choro Seyitovning aytishicha, yo‘llar, ijtimoiy obyektlar va maktablar qurilishi tufayli sement yetishmasligi kuzatilgan, shu bois taqiq bekor qilingan, O‘zbekiston sementi bundan mustasno.

“O‘sh viloyatida bir nechta sement zavodlari mavjud. O‘zbek sementi bizniki bilan raqobatlashadi. O‘zbekistondan sement, shifer olib kelinsa, hamma zavodlarimizni vayron qiladi. Agar bu sodir bo‘lsa, zavod ishlamay qoladi va soliqlar to‘lanmaydi. Shu bois ichki bozorni himoya qilish uchun biz bir qancha [cheklovchi] mexanizmlarni joriy qildik”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Seyitov, shuningdek, O‘zbekistondan kelayotgan sement va ayrim tovarlar standartlarga javob bermasligi va sertifikatlanmaganini ta’kidladi.

Deputat Kozuyevning aytishicha, taqiq Qirg‘izistonda “alohida ishlab chiqaruvchilar"ni kuchaytirib, monopoliyani yuzaga keltiradi va sement narxining oshishiga olib keladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, taqiq joriy etilgunga qadar o‘zbek sementi mahalliy sementdan 0,6−1 qirg‘iz so‘m (taxminan 90−150 so‘m) arzonroq sotilgan va bu iste’molchilar uchun umumiy narxga katta ta’sir ko‘rsatgan. Parlament a’zosining fikricha, “yuqori raqobat narxlarni pasaytirish va mahsulot sifatini yaxshilashga yordam beradi”.

“O‘zingiz aytdingizki, bizda kamomad bor. To‘g‘ri, O‘sh viloyatida ikkita-uchta zavodimiz bor, lekin ular bozor ehtiyojini qoplay oladimi? O‘zbek sementi sertifikatsiyadan o‘tmaydi, deysiz. Lekin bu yerda zavodlar qurilgunga qadar sementni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiyadan sotib olardik. O‘zbek sementining narxi biznikidan arzon”, — dedi u.

Alisher Kozuyev.Alisher Kozuyev.

Deputat Kozuyev alohida zavod manfaatlarini himoya qilish haqida emas, balki fuqarolar farovonligi va sement narxini pasaytirish haqida o‘ylash kerakligini ta’kidladi.

“Biz ikki-uch kishining manfaati haqida emas, balki odamlar haqida o‘ylashimiz kerak. Raqobat qancha ko‘p bo‘lsa, narx ham shunchalik past bo‘ladi… Siz ularga imtiyoz berasiz, ular esa — monopolistlar — o‘z narxlarini o‘zlari xohlagancha belgilaydi. Men sizga dalil keltira olaman… Ular uchun taqiq kiritish noto‘g‘ri. Taqiqdan keyin odamlar sementni oshirilgan narxlarda sotib olishga majbur bo‘ladi. Bir so‘mlik farq ham katta ta’sir qiladi”, — deydi u.

Uning fikricha, import qilinadigan sementdan tushadigan bojxona to‘lovlari va mahalliy korxonalardan olinadigan soliq tushumlari miqdori deyarli bir xil.

Bunga javoban vazir o‘rinbosari O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari sement narxini demping qilayotganini aytdi: “Ba'zi importchilar demping qilishyapti, bu esa ishlab chiqaruvchilarimizni yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan demping narxlari. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: kimni boqamiz — o‘zbek kompaniyalarinimi yoki qirg‘iz?”

Deputat bu yerda fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqish kerakligini aytdi.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekistondagi sement zavodlari haqida katta material e’lon qilgan edi. Joriy yildan boshlab mamlakatda sement ishlab chiqaruvchilar uchun yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i miqdori reja qilingani kabi 2 baravar emas, 4 baravar pasaytirildi. Qaror iqtisodiy rag‘batlantirish deya izohlandi, ammo bu rag‘batning atrof-muhit va inson sog‘lig‘iga ta’siri atroflicha muhokama qilinmadi.

1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 37 ta sement zavodi ishlab turibdi, ularning loyiha quvvati yiliga 32,7 million tonnani tashkil etadi, biroq mamlakatda talab 2 baravar kam — 16,5 million tonna. Ushbu talabning 1,7 million tonnasi import hisobiga qoplanadi, ya’ni sement zavodlari o‘z quvvatlarining 50 foizidan kam hajmda ishlamoqda.