26-sentabr kuni tunda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida bir-biriga tutash bir nechta hovli uylarda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.

Soat 22:23 da Chinor mahallasi Shirmonbuloq ko‘chasida joylashgan uylarda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan. Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 22:30 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in soat 23:10 da qurshab olingan va soat 23:55 da o‘chirilgan.

Holat oqibatida 2 ta uyning taxminan 150 kv. m. maydonida tom va ichki qismi yonib zararlangan.

Yong‘inni bartaraf etishga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta suv tashuvchi avtoulov jalb etilgan.

Hodisa oqibatida jarohat olgan va vafot etgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmadi.

Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.