Xiva temiryo‘l vokzali yaqinida 450 metr uzunlikdagi yerosti yo‘l o‘tkazgichi quriladi. Bu haqda 26-sentabr kuni prezidentga taqdim etilgan loyihalar taqdimotida so‘z bordi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu yo‘l “transportlar qatnovini alohida tashkil etish imkonini beradi, vokzal va „Ichan qal’a“ o‘rtasida piyodalar xavfsiz harakatlanadi”.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov vokzal yaqinidagi xiyobonni saqlab qolgan holda yangi yo‘l qurilishini ma’lum qildi.

“Xiva shahrida ilgari qurilgan zamonaviy temiryo‘l vokzal yonida katta alleya barpo etilgan edi. Buning natijasida shaharning shimoliy va janubiy qismlari ajralib qolgandi. [Prezident] transport vositalarida harakatlanuvchi aholiga qulaylik yaratishni ta’minlash hamda shahar ikki qismga ajralib qolganining hisobiga yuzaga kelgan noqulayliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergandilar. Bugun shahar vokzal oldida barpo etilgan, Xivaning qadimiy qal’alari bilan bog‘lanib ketgan alleyani saqlab qolgan holda yerosti yo‘li qurish bo‘yicha taqdimotimizni ma’qulladilar”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari ushbu loyihani 2025-yildan boshlash bo‘yicha topshiriq bergan.

“Bu yerosti yo‘li madaniy meros obyektlariga umuman zarar yetkazmaydi. Yo‘lning uzunligi 450 metr — 50 metri yopiq, 400 metri ochiq galereya shaklida quriladi”, — dedi Tursunov.

Avvalroq Xorazm viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azamat Xo‘jayev Xiva shahrida Khiva city deb nomlangan turizm markazi qurilishini, buning uchun vokzalning orqa tomonidagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan maydon taklif etilayotganini ma’lum qilgandi.

2021-yil dekabr oyida Xorazm viloyati ma’muriy markazi hisoblangan Urganch shahri markazida Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari hududida 500 metrlik yangi tunnel foydalanishga topshirilgandi.