G‘arbiy Afrikaning Liberiya mamlakati O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 154-mamlakat bo‘ldi. Juma kuni AQShning Nyu-York shtatida 2 mamlakat tashqi ishlar vaziri Sara Beysolov Nyanti xonim va Baxtiyor Saidov uchrashuv o‘tkazib, Qo‘shma kommyunike imzoladi.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari kelgusidagi hamkorlikning dastlabki kun tartibini muvofiqlashtirish va ishlab chiqishga kelishib oldik, deya yozdi vazir Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanalida.

Shu kabi diplomatik aloqalar o‘rnatilgan navbatdagi 155-mamlakat esa G‘arbiy Afrikaning Togo Respublikasi bo‘ldi.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Rober Dyusse ham Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvda diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunikeni imzoladi.

Baxtiyor Saidov Afrika qit’asi davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi haqida yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zbekiston Afrikaning Botsvana davlati, qolaversa, Burundi, Kabo-Verde va Seyshel orollari bilan ham diplomatik aloqalar bo‘yicha hujjatlar imzolagandi.