O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rossiyalik hamkasbi bilan Nyu-Yorkda uchrashdi. Bu haqda vazir o‘z Telegram kanalida xabar qildi.

Vazir strategik sheriklikning dolzarb mavzulari, shuningdek, bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan atroflicha suhbat o‘tkazilganini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligini ta’kidlangan. “Biz ittifoqchilik ruhidagi doimiy muloqotimizni davom ettirishga kelishib oldik”, — deydi vazir.

Bu bayonot Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini urgani yuzasidan Rossiya TIV munosabat bildirgani fonida yangramoqda. Holat bo‘yicha Rossiya tarafi O‘zbekistondan “rasmiy tushuntirish” so‘ragandi.

Nima bo‘lgandi?

23-sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda sinov muddatida bo‘lgan o‘qituvchi dars vaqtida o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Videoda o‘qituvchi qo‘lida daftar tutgan o‘quvchi bilan nizoli suhbatdan so‘ng uni urib, doska tomonga itarib yuborgani ko‘rinadi. Ustozning bolani kaltaklashi bundan so‘ng ham davom etgan va yakunda o‘quvchini joyiga o‘tirishga undagan.

Vaziyatni ta’lim boshqarmasi o‘rganib chiqqanda, voqea ikkinchi smenada o‘qiydigan 6-“V” sinfida rus tili fani darsida bo‘lganini aniqlangan.

Bolaning onasi Facebook’dagi guruhda o‘qituvchi darsni o‘zbek tilida o‘tgani, o‘quvchi esa undan rus tili darsini rus tilida o‘tishini so‘raganini haqida post yozdi. Post keyin o‘chirildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalist bergan savolga javob berar ekan, departament bu masalani diqqat bilan kuzatib borayotganini aytdi.

“Video mazmuni bolaga nisbatan o‘ta xavotir va hamdardlik uyg‘otmasligi mumkin emas. Biz O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish so‘radik. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, — dedi u.

“Izchil chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, ko‘p asrlik aloqalarimizda rus tilining qo‘llanilishining foydali ta’sirini jamoatchilikka eslatish, madaniy-ma’rifiy, ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘zaro boyitish kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Mariya Zaxarova.

U, shuningdek, “OAVdagi materiallarga huquqiy baho berish va agar asosli bo‘lsa, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan zudlik bilan chora ko‘rishni so‘radi”.

Bunga Milliy tiklanish partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov munosabat bildirib, Rossiya o‘z ichki ishi bilan shug‘ullanishi to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlagandi.

Uning qayd etishicha, bola huquqi O‘zbekistonning maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzildi va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi.

“Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘polondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi degan xulosaga ertaroq shekilli”, — dedi Qodirov.

Avvalroq, holat bo‘yicha huquq-tartibot idoralari voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borayotgani xabar qilingandi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham bu ishni qoraladi. “Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, nomunosib muomalaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda ham qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart”, — dedi u.