Dunyo bo‘ylab bolalar va o‘smirlarning uchdan bir qismidan ko‘pi hozir uzoqni ko‘ra olmaslikdan aziyat chekmoqda, 2050-yilga kelib esa global miopiya bilan kasallanish 740 million holatdan oshadi, deb yozadi CNN British Journal of Ophthalmology jurnalida chop etilgan keng ko‘lamli tadqiqot natijalariga tayanib.

Guanchjoudagi Sun Yatsen nomidagi Chjunshan universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, so‘nggi 30 yil ichida miopiyaning tarqalishi sezilarli darajada oshdi: 1990−2000-yillarda miopiya 24% bolalar va o‘smirlarda qayd etilgan bo‘lsa, 2020−2023-yillarga kelib bu ko‘rsatkich deyarli 36% gacha oshdi.

Olimlar olti qit’aning 50 mamlakatidan 5 milliondan ortiq bolalar va o‘smirlar ishtirokida o‘tkazilgan 276 ta tadqiqot ma’lumotlarini tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi.

Miopiya tarqalishining sezilarli o‘sishi COVID-19 pandemiyasidan keyin sodir bo‘ldi, deyiladi tadqiqotda. Bu toza havoda faollikning kamayishi va qurilmalar ekrani qarshisida o‘tkazilgan vaqtning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Olimlar miopiyaning paydo bo‘lishida geografik omillarga ham ishora qilishadi: u Osiyoda ko‘proq uchraydi. Sharqiy yoki Janubiy Osiyolik bolalarda uzoqni ko‘ra olmaslik hayotning dastlabki bosqichlarida rivojlanadi. “Ta’lim davomiyligi va miopiyaning paydo bo‘lishi o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlandi, bu Sharqiy Osiyoning ba’zi mamlakatlarida rasmiy ta’limning erta boshlanishi potensial omil bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini taxmin qilishga asos bo‘ladi”, — deyiladi tadqiqotda.

Olimlar misol tariqasida Singapur va Gonkongni keltirishmoqda, u yerda bolalar ta’limni 2−3 yoshdan boshlaydi. “Kichik yoshda ta’lim amaliyotlari bilan ertaroq tanishish bolalikda miopiya bilan kasallanishga ta’sir qilishi mumkin,” — deydi tadqiqotchilar.

Aksariyat bolalar 6−8 yoshda maktabga boradigan Afrikada miopiya Osiyoga qaraganda yetti baravar kam uchraydi.

Ma’lumotlar mavjud bo‘lgan mamlakatlar orasida eng yomon ko‘rsatkichlar Yaponiya va Janubiy Koreyada kuzatilib, ularda mos ravishda 85 foiz va 74 foiz bolalar miopiyadan aziyat chekadi. Ulardan keyin 46 foiz bilan Rossiya turadi.

Uzoqni ko‘ra olmaslikning eng past darajasi — taxminan 1 foiz — Paragvay va Ugandada. Buyuk Britaniya, AQSh va Germaniyada bu ko‘rsatkich 15 foiz dan 20 foiz gacha o‘zgarib turadi.