Londondagi Britaniya muzeyida Silk Roads (“Ipak yo‘llari”) nomli ko‘rgazma ochildi. Unga dunyoning 29 ta kolleksiyasidan 300 dan ortiq buyumlar kiritilgan. Ko‘rgazma milodiy 500 dan 1000-yilgacha bo‘lgan davrda Ipak yo‘li bo‘ylab odamlar, obyektlar va g‘oyalar harakati madaniyat va tarixning shakllanishiga qanday xizmat qilganini ochib beradi, deb xabar qildi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.

Silk Roads ko‘rgazmasi fondning dunyoga mashhur muzey bilan ilk hamkorligi bo‘ldi. Unga tayyorgarlik O‘zbekiston arxivlari bilan uch yil davom etdi.

O‘zbekistondan 14 ta artefakt Buyuk Britaniyada ilk bor namoyish etilmoqda. Ular orasida — Afrosiyob, Varaxsha va Kofir-Qal’a qal’asidagi saroy pannolari; Samarqand viloyatidagi uy-ro‘zg‘or buyumlari va dunyodagi eng qadimiy shaxmat to‘plamlari; qopqoqli ossuariy, so‘g‘d yozuvlari tushirilgan kumush tovoq va boshqa qimmatbaho topilmalar bor.

Ko‘rgazmada Afrosiyobdagi VII asrga oid “Elchilar zali”dan 1965-yilda yo‘l ishlari chog‘ida tasodifan topilgan rasm parchasi taqdim etilgan.

“Panno o‘zining kattaligi bilan hayratlanarli — u 11×11 metr o‘lchamdagi odamlarni qabul qilish uchun katta kvadrat zalning to‘rtta devorini bezatgan. Tadqiqotchilar bu bino qirol Varxumanning qarorgohi bo‘lgan degan fikrga qo‘shiladi”, — deya ma’lum qildi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Zal devorlarida bir qancha davlatlarning elchilari tasvirlangan: Xitoy, Koreya va Hindiston. Janubiy devorda Samarqand va So‘g‘d dunyosi tasvirlangan: Navro‘z bayramida ajdodlar sharafiga o‘tkaziladigan diniy dafn marosimi. Ko‘rgazmada ranglarning yorqinligini eng yaxshi saqlab qolgan zalning janubiy devori taqdim etildi.

“Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekistondagi muzey kolleksiyalaridan boy tarixiy va madaniy merosimizni namoyish etuvchi nodir va qimmatli ashyolar namoyish etilmoqda. Ishonchim komilki, ushbu ko‘rgazma Ipak yo‘li tarixi va madaniyatiga qiziquvchi barcha uchun ilhom manbai bo‘lib, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlarimiz ramziga aylanadi”, — dedi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ko‘rgazma ochilishida.

Foto: Saida Mirziyoyeva.Foto: Saida Mirziyoyeva.

“Bizning maqsadimiz — Buyuk Ipak yo‘lining keng va murakkab tarixini nafaqat Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo nuqtai nazaridan aytib berish, balki eramizning 500−1000-yillarigacha bo‘lgan davrda Osiyo, Afrika va Yevropaning o‘zaro bog‘liqligini ta’kidlashdir. Bu chinakam hamkorlikdagi, Ipak yo‘li ruhidagi sa’y-harakatlar edi”, — dedi Britaniya muzeyidagi Xitoy rasmlari, gravyuralari va Markaziy Osiyo kolleksiyalari kuratori Lyuk Yu-Ping.

Yevropaning ilk o‘rta asrlar va Satton-Xu kolleksiyalari kuratori Syu Brunningning aytishicha, ko‘rgazma Ipak yo‘li tarixi, jumladan, u bilan an’anaviy bog‘lanmagan hududlar haqida yangi tushunchalar beradi. Masalan, eksponatlar orasida Angliya shimoli-sharqida yaratilgan kit suyagi qutisi ham bor, uning ortida milodiy 500 yildan 1000-yilgacha bo‘lgan davrdagi qit’alararo aloqalarni aks ettiruvchi hikoya va afsonalar joylashgan.

Vizantiya dunyosi kuratori Elizabet O’Konnellning ta’kidlashicha, ko‘rgazma Tinch okeanidan Atlantika okeanigacha bo‘lgan masofani kesib o‘tgan odamlar va obyektlarning sayohatlarini aks ettiradi. Ko‘rgazmalar orasida diplomatlar, ziyoratchilar, olimlar, talabalar, qochqinlar va asirlarning hikoyalarini topish mumkin. Shaxsiy hikoyalar orasida angliyalik balzam kontrabandachisi Villibad va ipakchilik sirlarini ochib bergan xitoylik malika hikoyalari kiradi.

Ko‘rgazma 2025-yil 23-fevralgacha Britaniya muzeyidagi Seynsberi ko‘rgazmalar galereyasida davom etadi.