27-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa vaziri, Dubay amirligi valiahdi Hamdan bin Muhammad Ol Maktum boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Unda ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish, iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni ilgari surish, mudofaa sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

BAA delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazruiy, iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marriy, sun’iy intellekt masalalari va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha davlat vaziri Umar bin Sulton al-Olama ham qatnashdi.

baa, hamdan bin muhammad ol maktum, investitsiya, mudofaa sanoati, prezident

Uchrashuvda investitsiyalar, innovatsion rivojlanish, “yashil” energetika, infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, raqamli transformatsiya, turizm va boshqa muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar kunning birinchi yarmida o‘tkazilgan o‘zaro manfaatli hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qo‘shma forum hamda ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo muzokaralarning samarali yakunlarini yuqori baholadi.

Strategik tarmoqlarda keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilishga kelishib olindi.

Prezident matbuot xizmatining ta’kidlashicha, BAA O‘zbekistonning Osiyo mintaqasidagi asosiy hamkorlaridan biri. Tovar ayirboshlash 2023-yilda 21 foizga o‘sib, 626 million dollarni tashkil etdi. Mamlakatda Amirliklar kapitali ishtirokida 320 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Amalga oshirilayotgan va istiqbolli investitsiya loyihalari portfeli qariyb 20 milliard dollarni tashkil etadi.