Rossiyaning “Gazprom neft” neft kompaniyasi O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish, jumladan, o‘z brendi ostida avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “TASS” bosh kompaniya rahbari Aleksandr Dyukovga tayanib xabar berdi.

“Biz allaqachon O‘zbekistonda ishlayapmiz, u yerga neft va neft mahsulotlari — benzin, dizel yoqilg‘isi, moylash va bitum materiallarini yetkazib beramiz. Hozir O‘zbekistonda yana bir qancha loyihalarni amalga oshirish, jumladan, o‘z brendimiz ostida avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdamiz”, — dedi u Rossiya energetika haftaligida.

Dyukov O‘zbekiston jadal iqtisodiy o‘sishni namoyish etayotganini va neft mahsulotlari iste’molini ko‘paytirayotganini ta’kidladi. “Bu istiqbolli bozor, albatta, unda ishtirok etish to‘g‘ri”, — dedi u.

“Gazprom neft” ham uglevodorodlarni qidirish va qazib olish texnologiyalari sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida.

“Raqamli yechimlarimizni qo‘llash orqali biz O‘zbekistonda burg‘ilashni boshqarish markazini ochishga yordam berdik, bu esa respublikadagi konlarda quduqlarni qurish muddatlari va xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish imkonini berdi”, — dedi kompaniya rahbari.

Bugungi kunda Rossiyaning “Lukoyl” va “Tatneft” kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z yoqilg‘i quyish shoxobchalariga ega. Yanvar oyi boshida O‘zbekiston Energetika vazirligi “Tatneft”, “Lukoyl”, “Gazpromneft”, shuningdek, xomashyo va qayta ishlash quvvatlariga ega bo‘lgan “Saneg” kabi yirik kompaniyalarni butun O‘zbekiston bo‘ylab magistral trassalar bo‘ylab 80 dan ortiq yangi yoqilg‘i quyish majmualarini qurishga jalb qilish rejalari haqida xabar bergan edi. Shundan “Saneg” 59 ta, qolgan kompaniyalar 27 ta AYOQSH qurishi kutilmoqda. Bu borada hukumatning alohida qarori qabul qilindi, deya ta’kidladi Energetika vazirligi.

May oyi o‘rtalarida “O‘zbekneftgaz” “Gazprom neft” ko‘magida quduqlarni burg‘ilash muddatini 45 foizga qisqartirish va ularni qurish xarajatlarini 35 foizga kamaytirish imkonini beruvchi Burg‘ilashni boshqarish markazini ochdi. Kompaniya yetkazib beruvchi bilan 4,45 mln va 243,3 ming dollarlik ikkita shartnoma tuzgan.