“Hizbulloh” harakati o‘z yetakchisi Hasan Nasrullohning halok bo‘lganini tasdiqladi, deb xabar bermoqda Reuters. “Hizbulloh” tarqatgan bayonotda, shuningdek, harakat Isroilga qarshi kurashni davom ettirishi aytilgan.

Isroil mudofaa armiyasi 27-sentabr, juma kuni kechqurun Bayrutning janubiy chekkasida joylashgan “Hizbulloh” shtabiga havo hujumi uyushtirdi. Shundan so‘ng, xabar qilinishicha, Nasrulloh bilan aloqa uzilgan.

28-sentabr, shanba kuni ertalab SAXAL matbuot xizmati, Nasrulloh o‘ldirilganini ma’lum qildi, o‘sha paytda “Hizbulloh” bu ma’lumotga izoh bermagan edi.

Shuningdek, Isroil Mudofaa Armiyasi tomonidan Livan poytaxtidagi “Hizbulloh” shtabiga berilgan zarba natijasida Hasan Nasrullohning qizi — Zaynab halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, SAXALning xabar berishicha, Isroilning chegara hududlaridan o‘qqa tutilishiga mas’ul bo‘lgan “Hizbulloh”ning janubiy qo‘mondonligi qo‘mondoni Ali Karaki va harakatning boshqa bir qator yuqori martabali a’zolari o‘ldirildi.