28-sentabr, shanba kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Chilonzor tumani sudida 23-sentabr kuni 188-sonli maktabda dars vaqtida 6-sinf o‘quvchisini kaltaklagan 44 yoshli Ozoda Ravshanovaga nisbatan ma’muriy ish bo‘yicha ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” sud qarori bilan tanishib, ushbu ayol ishtirokida ikki kun davom etgan voqealarning qo‘shimcha holatlari borasida xabar topdi.

O‘quvchi kaltaklangan kunning ertasiga, 24-sentabr kuni Ozoda Ravshanova boshqa bir maktab — Yashnobod tumanidagi 204-maktab rahbariyati bilan janjallashib qolgani va u yerda sakkizinchi sinfda o‘quvchi qizining xatti-harakati yuzasidan chaqirilgani haqida yozgandik.

Muassasada ayol direktor o‘rinbosari bilar tortishib, unga kuch ishlatgan. So‘ngra u IIO va Milliy gvardiya xodimlariga keskin qarshilik ko‘rsatgan. Ravshanovaga nisbatan 183-modda “Mayda bezorilik”, 194-moddaning 1-qismi “Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik” va 197−5-modda “Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish” bo‘yicha bayonnoma tuzilgan.

25-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari (1 020 000 so‘m) va BHMning 7 baravari (2 380 000) so‘m jarima jazosi tayinlagan.

Sinfda nima bo‘lgandi?

“Gazeta.uz”ga huquq-tartibot idoralaridagi manbalarining ma’lum qilishicha, rasman hech qayerda ishlamagan (2014-yildan buyon vaqti-vaqti bilan Rossiya va Qozog‘istonga ishlash uchun borib turgan) Ozoda Ravshanova 23-sentabr kuni 188-sonli maktabning direktor o‘rinbosari lavozimi uchun suhbatga kelgan. Maktab direktori unga hali hujjatlar rasmiylashtirilmay turib sinov muddatida rus tilida o‘qitiladigan 6-sinf o‘quvchilariga rus tili va adabiyoti fanidan dars berishni tayinlangan.

Ishining birinchi kunida Ozoda Ravshanova 6-“B” sinfdagi o‘quvchi bilan janjallashib qolgan. Ayol ikki tilda: rus va o‘zbek tillarida dars bergan. O‘quvchilardan biri (millati bo‘yicha tatar) undan rus tilida dars berishni so‘ragan. Videoda ko‘ringanidek, bola bilan janjallashib qolgan ayol uning qulog‘idan tortib, doska tomon itarib yuborgan, yuziga tarsaki tushirgan va boshini doskaga urgan.

Voqeadan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi shu kuniyoq Chilonzor tumani IIBga murojaat qilgan. Sudda bolaning onasi o‘sha kuni o‘g‘li uyga tushkun holatda kelganini va maktabga borishni istamayotganini bildirgan. Onasi uni shifokorga ham olib borgan.

Ertasi kuni, 24-sentabrda ona Ravshanovaga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatga oydinlik kiritganida, u haqoratomuz so‘zlar bilan javob qaytargan. So‘ngra u turmush o‘rtog‘idan Ravshanovaga qo‘ng‘iroq qilib qo‘yishini so‘ragan. Telefon suhbati davomida Ravshanova bolaning otasini ham haqorat qilgan. Erkak sudga suhbatning yozuvini taqdim etgan.

Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda sinfdagi kuzatuv kamerasidan olingan video paydo bo‘ldi. Facebook foydalanuvchilaridan birining aytishicha, mojaro bolaning rus tilidan dars o‘tishini so‘raganidan keyin sodir bo‘lgan. Keyinroq post noma’lum sababga ko‘ra o‘chirib tashlangan. Voqea nafaqat mamlakatda, balki xorijda, xususan, Rossiyada ham rezonans keltirib chiqardi, OAV va fikr egalari ijtimoiy tarmoqdagi o‘chirilgan postni boshqacha talqin qilishdi. Tushuntirish talabi bilan boshlangan bayonotlar sekin-asta O‘zbekistonga ba’zi amaldorlarning tahdidlari darajasiga yetdi (quyida bu haqda batafsil).

Shu kuni tuman hokimligida ota-onalar va maktab ma’muriyati ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. 188-maktab direktori hech qanday hujjat to‘ldirmasdan darsga begona odamni kiritgani uchun lavozimidan ozod etilgan.

25-sentabr kuni bolaning sud-tibbiy ekspertizasi natijasida unga yengil tan jarohati yetkazilgani aniqlangan.

Sud qarori

Ozoda Ravshanova hibsni o‘tayotgan maxsus tergov hibsxonasidan qatnashgan sudda o‘z aybiga qisman iqror bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 23-sentabr kuni maktabga ishga kirish maqsadida kelgan, mutaxassisligi bo‘lmasa-da, fan o‘qituvchisi tadbirda bo‘lgani uchun unga rus tili va adabiyoti fanidan dars berishga ruxsat berilgan.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u o‘quvchilarga darsni o‘zbek tilida olib borishini aytgan, hamma rozi bo‘lgan, biroq ikki o‘quvchi darsni rus tilida o‘tishni so‘ragan. Ravshanova ularga rus tilidan alohida dars berishga va’da berganini aytgan. Sudlanuvchi darsni davom etarkan shu paytda jabrlanuvchi unga qarshi nimadir degan va tartibni buzgan, ayol uni tartibga chaqirish uchun u qulog‘idan tortdi. Ertasi kuni ota-onasi unga qo‘ng‘iroq qilib, bosim o‘tkaza boshlagan, ayol esa jahli chiqib, ularni haqorat qilgan.

Sud ish materiallarini, shu jumladan video va audio dalillarni o‘rganib chiqib, ishning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi 41-moddasi (Haqorat qilish), 52-moddaning 2-qismi (Qasddan badanga yengil tan jarohati yetkazish) va 59−2-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganini qayd etgan.

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish) inobatga olingan holda, Ozoda Ravshanovaga davlat foydasiga BHMning 20 baravari miqdorida jarima (6,8 mln so‘m) tayinlandi. Qarordan norozi bo‘lgan taraflar 10 kun ichida apellyatsiya yoki norozilik shikoyati berishlari mumkin.

Voqea muhokamasi qanday qilib davlatlararo darajaga yetdi?

25-sentabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistondan “rasmiy tushuntirish” va “bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan zudlik bilan chora ko‘rishni” so‘raganini aytgan. “Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, — dedi u. O‘zbekistonning Moskvadagi elchisiga esa “rusiyzabon bolani urgan o‘qituvchi bo‘yicha” taqdimnoma kiritildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov bunga javoban shunday dedi: “Bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzildi va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi. Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa, to‘g‘ri bo‘lar edi”.

26-sentabr kuni Rossotrudnichestvo agentligi rahbari Yevgeniy Primakov maktabdagi hodisani “bolaga nisbatan zo‘ravonlik va tajovuz shaklida” namoyon bo‘lgan “yovuz rusofobiya ko‘rinishi” deb atadi. U agentlikning tegishli organlarga “ushbu rusofob shaxsga” Rossiyaga kirishni taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqish bo‘yicha murojaat qilishini bildirdi. Shuningdek, Primakov shunday ta’kidladi: “Ushbu shaxs va uning yaqin qarindoshlari Rossiyada hech qachon ta’lim olmaydi, stajirovkalarda ishtirok etmaydi va hech qanday imkoniyatlarga ega bo‘lmaydi, chunki ular Rossotrudnichestvo tomonidan umrbod hisobga olingan”. Primakov O‘zbekistonni “sivilizatsiyalashgan davlat” deb hisoblashiga ishonch bildirdi va Ozoda Ravshanovni jinoiy javobgarlikka tortishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Milliy ommaviy axborot vositalari assotsiatsiyasi raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja bo‘lib o‘tgan voqealarni izohlar ekan, shunday dedi: “Maktabda kuch ishlatishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. O‘qituvchining o‘quvchiga nisbatan kuch ishlatishiga ikki karra yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mamlakatimizning ichki ishlariga boshqa davlatning aralashuviga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tashqaridan ushbu dahshatli, ammo mahalliy hodisaga millatlararo va tillararo ma’no berishga urinish mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas”.

27-sentabr kuni senator, Rossiya Federatsiya Kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Klimov Lenta.ru saytiga bergan intervyusida Alisher Qodirovning bayonotiga quyidagicha izoh berdi: “Butun Markaziy Osiyoda janjallashmoqchi bo‘lganlar juda ko‘p. Rossiya bilan va o‘zaro. Uzoq vaqt davomida shunday yo‘l tutgan bir mamlakat allaqachon mavjud edi. Endi u juda qiyin vaziyatga tushib qoldi. Bu kabi hodisalar buning uchun unumli zamin bo‘ladi.”

Shu kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi chog‘ida maktabdagi mojaro ko‘tarilgan edi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligini ta’kidlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, uchrashuvda “strategik sheriklikning dolzarb mavzulari har tomonlama muhokama qilingan”. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova, o‘z navbatida, uchrashuvda “millatlararo sabablarga ko‘ra murosasizlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi”, deb yozgan.