Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bloger Nigina Meliqo‘ziyevaning Lacetti avtomashinacida yuqori tezlikda ketayotib, yo‘l tor va tirband bo‘lishiga qaramay bir nechta qatnov chiziqlari bo‘ylab xavfli harakatlar (xalq orasida “shashka” deb ataladi) amalga oshirgani aks etgan videosi tarqaldi.

Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi “o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, harakat davomida keskin manyovrlar va avariyaviy xavfli holat qilib harakatlangan” 21 yoshli qizga nisbatan chora ko‘rilganini ma’lum qildi.

Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−5-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi / BHMning 10 baravari — 3,4 mln so‘m miqdorida jarima) bilan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Boshqarma binosidagi videoda undan shunday haydash orqali nimaga erishmoqchi ekanligi so‘raladi. “Hech nimaga erishmadim, shunchaki, “azart”im bor edi, haydadim-da, nima deysiz endi. Uzr, boshqa qilmayman. Juda qattiq o‘zgardim, qattiq pushaymondaman, boshqa qilmayman”, — dedi u.

Bloger o‘zi yozib olgan boshqa videoda esa u YPX xodimiga murojaat qilgani ko‘rinadi. “2003-yilda tug‘ilganman, men sizni eshitaman, akajon, yana nima gapingiz bor? Ha, chora ko‘rildi. Necha barobar edi jarima? 10 baravar. Xo‘p, eshityapman!”, — deya gapirgan u.

YHXX matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov undan yurtdoshlariga nimani tavsiya qilasiz, deya so‘ragan. “Uzr so‘rab qolaman yurtdoshlardan. Uzr so‘rab qolaman sizlardan. O‘zimning obunachilarimdan ham uzr so‘rab qolaman. Ham uzr so‘raymiz, ham jarima to‘laymiz” — deya befarq ohangda gapirgan u.

Nigina Meliqo‘ziyevaning Instagram sahifasida 580 mingdan ortiq obunachi bor. O‘zining oxirgi videolarining birida u bukmekerlik reklamasini joylagan. Ikki yildan ko‘proq vaqt oldin uning profilida joylashtirilgan e’longa ko‘ra, story reklamalari 200 dollar turadi.

bloger, иибб йҳхб, нигина мелиқo‘ziеva

Shanba kuni u, shuningdek, YHXX xodimlari davlat raqami noto‘g‘ri joylashgani sababli Malibu avtomashinasini jarima maydonchasiga qo‘yishmoqchi ekanini xabar qilgan.