Marg‘ilon 19−21-sentabr kunlari oyning muhim madaniy tadbirlaridan biri — “Atlas bayrami” VI Xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivaliga mezbonlik qildi. 2015-yildan beri o‘tkazib kelinadigan tadbirda bu yil 20 dan ortiq davlatdan hunarmandlar, dizaynerlar va fotosuratchilar qatnashdi.

atlas bayrami, atlas festivali, foto, marg‘ilon

Festival davomida seminarlar va xalq sayllari, xalqaro ekspert va siyosatchilar ishtirokida nomoddiy madaniy merosdan foydalanish strategiyalari va bozor salohiyati mavzularida davra suhbatlari, an’anaviy to‘qimachilikni rivojlantirishning ekologik jihatlariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman, shuningdek, professional va yosh dizaynerlarning modalar namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

atlas bayrami, atlas festivali, foto, marg‘ilon

Shuningdek, festival doirasida an’anaviy to‘qimachilik bo‘yicha foto va san’at ko‘rgazmasi ochildi, “obyektivda hunarmandchilik” mavzusida xalqaro fotosuratlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda o‘zbekistonlik Hamdam Shorahmedov va Vladimir Goncharenko, shuningdek, tojikistonlik Bahriddin Isomuddinov g‘olib deb topildi.

atlas bayrami, atlas festivali, foto, marg‘ilon

Bundan tashqari, festival tadbirlari doirasida XIX asrda qurilgan “Said Ahmad Xoja” madrasasi binosida Hunarmandchilik biznesi va tadbirkorligini rivojlantirish o‘quv markazi ochildi. Ta’kidlanishicha, ushbu markaz hunarmandchilik va biznes sohalarida salohiyatni oshirish, innovatsiyalar va bilim almashish uchun xizmat qiladi, madaniyat sohasi mutaxassislari va hunarmandlarga hunarmandchilik, biznesni boshqarish, marketing, elektron tijorat va hokazolar bo‘yicha o‘z malakalarini oshirish imkonini beradi.

“Atlas bayrami"ning yakunida an’anaviy to‘qimachilik va moda sanoati bo‘yicha jami 15 ta nominatsiyada g‘olib deb topilgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

“PressPhoto.uz” agentligi muxbiri Mumtozbegim “Atlas festivali"ning turli tadbirlaridan fotolavhalar tayyorladi.