Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutiga tashrif buyurib, yangilangan sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Xabarda ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 37 mingdan ortiq bolalar bog‘chasi, 10 mingdan ortiq maktab bor bo‘lib, yangilari qurilmoqda. Shu bilan birga, asosiy masala ta’lim sifati bo‘lib qolmoqda.
Prezidentning iyundagi maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishga doir qaroriga asosan Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti kapital ta’mirlanib, ikkita qo‘shimcha bino qurildi va barchasi zamonaviy jihozlandi. Tinglovchilar o‘rni ham, yo‘nalishlari ham ko‘paydi.
Institut bundan 90 yil oldin, 1934-yilda ochilgan. Shunga bag‘ishlab, bu yerda muzey tashkil etilgan. Unda jadidlarning ilmga e’tibori, Abdulla Avloniy asos solgan maorif tizimi, o‘sha davrdagi darsliklar va sahna asarlari, umumiy ta’limning rivojlanish bosqichlari aks etgan. Sun’iy intellekt yordamida ma’rifatparvar jadidlar qiyofasi gavdalantirilgan. Shu yerda qariyb 88 ming kitob fondiga ega kutubxona ham bor. Davlat rahbari ushbu muzey va kutubxonani ko‘zdan kechirdi.
Muassasada malaka oshirish va qayta tayyorlashning an’anaviy, muqobil hamda dual shakllari, shu jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘qitish joriy etilgan, deyiladi xabarda.
Situatsion o‘quv xonasi Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlari bilan videoaloqa orqali ulangan. Uzluksiz kasbiy ta’lim, menejerlik o‘quv kurslari, pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifasini berish, maktabgacha va maktab ta’limini boshqarish kabi dasturiy platformalar joriy etilgan.
“Bu hududlardagi direktor va o‘qituvchilarni yangi pedagogik texnologiya va uslublarga tezkor o‘qitish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.
Institut o‘quv dasturida direktorlarning boshqaruv mahoratiga ham e’tibor qaratilgan, ular uchun maktab yaratilgan.
Inklyuziv ta’lim va psixolog xonalarida shu yo‘nalishda ishlaydigan defektolog va tarbiyachilar malakasi oshiriladi. Media studiyasida videodarslar tasvirga olinadi.
Shuningdek, institutda konferensiya zali, kompyuter va seminar xonalari, oshxona va sharoitlar bor. O‘qituvchilarni yangi o‘qitish usullariga moslashtirish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun STEM laboratoriyasi yaratildi.
Institutda o‘qish soatlari ko‘paytirildi, yotoqxona ta’mirlandi, o‘rinlar soni ko‘paytirildi.
Prezident ushbu xonalarda bo‘lib, yangi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.
“Bu institut kutib o‘tiruvchi emas, targ‘ibotchi, yetakchi bo‘lishi kerak. Hududlardagi o‘qituvchi va direktorlarni ko‘proq taklif etib, barcha maktablarda sifatni oshirish zarur. Yangi zamon kishisi, kelajagimiz bunyodkorlari maktabda tarbiyalanadi. Ta’limsiz kelajak yo‘q”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident o‘qituvchi va murabbiylarni xorijda tayyorlash, ularning malakasini jahon tajribasi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Yilning o‘tgan davrida institutda 4 ming 300 nafarga yaqin ta’lim muassasalari rahbarlari malaka oshirdi. Shuningdek, 2 ming nafarga yaqin direktor va direktorlikka nomzodlar menejerlik kurslarida o‘qitildi. “Uzluksiz kasbiy ta’lim” platformasi orqali darslarda 113 ming nafardan ortiq pedagoglar qatnashdi.
Singapur xalqaro ta’lim tashkiloti tomonidan 100 nafar maktab direktori, 200 nafar matematika va tabiiy fanlar o‘qituvchisi qayta tayyorlandi. Institut tuzilmasida Xalqaro tadqiqotlar markazi ham ish boshladi.
Rejaga ko‘ra, 2025-yildan professor-o‘qituvchilar har besh yilda bir marta ishdan ajralgan holda malaka oshiradi. Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Kasbiy rivojlanish soati” hamda “Kasbiy rivojlanish kuni” joriy etiladi. Prezident maktablarida to‘plangan ilg‘or tajribalarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qo‘llash kutilmoqda.