29-sentabr kuni futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionatining chorak final bosqichi doirasidagi ilk uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Buxoroda muxlislar Braziliya — Marokash qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishgan bo‘lsa, Toshkentdagi “Humo Arena"da 3 mingdan ziyod muxlislar Ukraina va Venesuela ijrosidagi gollar shousiga guvohi bo‘ldi.

Chorak finalning qolgan ikki o‘yin 30-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Buxoroda 17:30 da Fransiya — Paragvay o‘yini boshlansa, 20:00 da Toshkentdagi “Humo Arena"da Qozog‘iston futzalchilari Argentinaga qarshi maydonga chiqadi.

Chorak final uchrashuvi
29-sentabr, yakshanba
Braziliya — Marokash 3:1

Gollar: Marsel (12), Leandro Lino (18), Diyego (29) — Usmon Bumezu (35).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Diyego (Braziliya)

Braziliya ketma-ket beshinchi o‘yinida gol urayotgan Marsel, shuningdek, Leandro Lino va Diyegoning ajoyib gollari evaziga Marokashni 3:1 hisobida yengdi. Qayd etish joiz, Braziliya musobaqa boshlanganidan beri hali biror uchrashuvda raqib darvozasiga beshtadan kam gol urmagandi. Marokash musobaqa oldidan ikkita, musobaqa davomida yana uchta asosiy o‘yinchisidan ayrilganiga qaramay, Braziliyaga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatdi.

FIFA matbuot xizmatining qayd etishicha, Marokashga qarshi o‘yinda hisobni ochgan Marsel O‘zbekistonda o‘tayotgan musobaqa davomida hozirgacha 10 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, u bir chempionat davomida 10 ta va undan ortiq gol urishga muvaffaq bo‘lgan to‘qqizinchi braziliyalikka aylandi. Bungacha Ortis, Manoel Tobias, Choko, Shumaxer, Vander Karioka, Falkao, Indio va Lenisio ham shunday ko‘rsatkichga erishgandi.

Chorak final uchrashuvi
29-sentabr, yakshanba
Ukraina — Venesuela 9:4
Gollar:
Daniil Abakshin (5, 16, 18), Petro Shoturma (14), Nazar Shved (20), Rostislav Semenchenko (21), Aleksandr Suxov (27), Igor Chernyavskiy (32), Nikolay Mikityuk (38) — Milton Fransiya (6), Xesus Viamonte (16), Alfredo Vidal (17), Rafael Morilo (30).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Aleksandr Suxov (Ukraina).

“Humo Arena"da o‘tgan Ukraina — Venesuela bahsi haqiqiy gollar shousiga aylanib ketdi: muxlislar birinchi taymning o‘zida 8 ta golga guvohi bo‘lishdi. Bunaqangi rekord bundan avval 2016-yili Kolumbiyada bo‘lgan mundialda, Tailand va Ozarbayjon o‘rtasidagi bahsning birinchi taymida (4:4) bo‘lgandi.

Ushbu to‘qnashuvda oxir-oqibat Ukraina g‘alaba qozondi — o‘yinning ikkinchi taymida ukrainaliklarning hatto darvozaboni ham gol urdi. Ushbu uchrashuvda muxlisu mutaxassislar fikricha ham Ukraina favorit edi, ammo Venesuela xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi — Lotin Amerikasi vakillari chorak finalda Ispaniyani mag‘lub etib, futzal bo‘yicha jahon chempionatlarining 35 yillik tarixidagi eng katta shov-shuvlardan biriga sabab bo‘lib ulgurdi.

Endi Ukraina 2-oktabr kuni yarim finalda Braziliyaga qarshi o‘ynaydi — bu ukrainaliklar ustoziga, qaysidir ma’noda, 2004-yilgi to‘qnashuv uchun alam olish imkonini bersa ajab emas. O‘shanda Aleksandr Kosenko Braziliyaga qarshi o‘yinda o‘z darvozasiga gol urib qo‘ygan edi.

“Gazeta.uz” muxbiri Murod Yusuf “Humo Arena"da Ukraina — Venesuela uchrashuvini bevosita kuzatib bordi va bahsning qiziqarli lahzalarini fotosuratlarga muhrladi.