Navoiy viloyati Navbahor tumanida noqonuniy baliq ovlagan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Nazorat reyd tadbirida Qorovultepa mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosida tekshiruv olib borilgan. Soat tonggi 04:30 da Qiziltepa tumani Toshrabot qishlog‘ida yashovchi fuqarolar G‘.Sh., O.M. va A.Z. elektr qarmoq yordamida baliq ovlagani aniqlangan.

Huquqbuzarlar jami 26 ta tovon, 8 ta oq amur, 6 ta do‘ngpeshona, 32 ta zog‘ora, 32 ta laqqa, 249 ta Samarqand loyxo‘ragi hamda 46 ta O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdori balig‘ini ovlagan. Oqibatda tabiatga 6 milliard 324 million so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Hujjatlar holatga huquqiy baho berish va chora ko‘rish uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.