Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida energiya resurslarni talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shaharning Kichik sanoat zonasi hududidagi noturar joyda fuqaro T.M. va boshqalar noqonuniy ohak ishlab chiqarish sexi tashkil qilgan. Ular qo‘lbola gaz qurilmalarini (gorelka) o‘zboshimchalik bilan yer ostidan o‘tgan o‘rta bosimli gaz quvuriga yashirish ravishda ulab, 5 mlrd 604 mln so‘mlik tabiiy gazni (2 mln 155 ming kub metr) o‘g‘irlagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.

Bosh prokuratura tadbirkorlarga energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanishlari kerakligini eslatib, kuchaytirilgan reyd tadbirlari o‘tkazilayotganini bildirdi.